Ushbu yoʻnalishda qonunlarning qabul qilinishi va amalga oshirilishi xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi va mehnatga layoqatli aholi umumiy sonidagi ulushi koʻpayishiga xizmat qilib, siyosatchi va rahbar ayollar koʻrsatkichi hamma sohada ortishiga, mamlakat gender tenglikka erishish yoʻlidan izchil borayotganidan dalolat bermoqda.

Kuni kecha Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida “Markaziy Osiyo va Afgʻonistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etgan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German hozirgi kunda butun dunyo pandemiya va uning oqibatlari bilan kurashishdek murakkab davrni boshidan oʻtkazayotgani, bu xotin-qizlarni ham chetlab oʻtmaganini qayd etdi.

— Global sinovlar oldida insoniyat ojiz boʻlsada, unga, ayniqsa ayollarga tinchlik va barqarorlik zarur, — deydi N.German. — Jamiyatning taʼsirchan va tirgakka muhtoj qatlami boʻlgan xotin-qizlarning erkin faoliyat yuritishi uchun ham gender tenglikka ehtiyoj bor. Buni tushungan holda xotin-qizlarga zarur imkoniyatlarni yaratib berayotgan davlatlarni BMT, uning rahbariyati doim qoʻllab-quvvatlaydi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bu borada mintaqaviy hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan bugungi forum esa eʼtirofga munosib. Chunki bunday xalqaro darajadagi katta tadbirlar hamkorlikni rivojlantiradi, iqtisodiy masalada yangi imkoniyatlar ochadi. Zero, hamkorliksiz rivojlanishga erishib boʻlmaydi. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yaqinda yana bir katta xalqaro konferensiya oʻtkaziladi. Bu ham muhim va zaruriy tashabbus. Shunday amaliy ishlar, iqtisodiy hamkorliklar orqali muammolarni yengib oʻtamiz.

Aytish lozim, 2022-yilda BMT doirasida yana yirik tadbirlar oʻtkaziladi. Unda albatta ayollar mavzusi ham kun tartibiga kiritiladi. Aynan Markaziy Osiyo mintaqasida ayollar potensiali ancha yuqori. Uni roʻyobga chiqarishni BMT doim qoʻllab-quvvatlaydi

Bir soʻz bilan aytganda, davlatning toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun unda ayollar ham teng huquq asosida faol ishtirok etishi kerak. Bunda esa mintaqaviy muloqotlar, forumlar muhim oʻrin tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida tashkil etilgan tadbirda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha fikr va ilgʻor tajriba almashish, toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, oʻzaro hamkorlikning eng istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash hamda Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston ayollari oʻrtasida hamkorlik va ishbilarmonlik sherikligini oʻrnatish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.