Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar apellyatsiya arizalarini my.uzbmb.uz saytida (shaxsiy kabineti orqali) onlayn tarzda 15-avgustdan 24-avgustga qadar (10 kun davomida) berishlari mumkin.
Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan boʻlishi lozim.
Apellyatsiya arizasini bergan abituriyentga uni koʻrib chiqish sanasi va vaqti koʻrsatilgan xabarnoma beriladi.
Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat va xabarnoma bilan Bilimni baholash agentligiga (yoki xabarnomada belgilangan joyga) kelishi kerak.
Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish 2025-yil 21-avgustdan boshlanadi.
Eslatib oʻtamiz, 2025/2026 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari boʻyicha tanlov natijalarini 3 xil usulda bilish mumkin.
1) my.uzbmb.uz sayti orqali:
- my.uzbmb.uz saytiga abituriyentning pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritgan holda.
2) mandat.uzbmb.uz sayti orqali:
- mandat.uzbmb.uz saytiga abituriyentning ID raqamini kiritgan holda.
3) Test natijalari qaydnomasi orqali:
Shuningdek, test natijalari qaydnomasi oliy taʼlim muassasalariga taqdim etiladi.