1948 yilda tashkil etilgan ushbu gigant korxona kon-karer va qurilish sohalari uchun yuklash quvvati 30 tonnadan 450 tonnagacha bo‘lgan dunyodagi eng yirik samosvallar va maxsus texnikalarni ishlab chiqaradi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 2 ming birlik texnikaga teng bo‘lib, mahsulotlar 50 ga yaqin davlatga yetkazib beriladi.
Ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida Navoiy viloyatidagi tog‘-kon sanoati korxonalari va «BELAZ» AJ o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.
Navoiy viloyati delegatsiyasining Belarus Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida chorvachilik sohasida hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni viloyat amaliyotiga joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Belarus Respublikasining Minsk viloyati Molodechno tumanidagi davlat ishtirokidagi yirik chorvachilik kompleksi faoliyati o‘rganildi.
Uchrashuv davomida chorva mollarini parvarishlash, naslchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish, ozuqa bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish hamda mahsuldorlikni oshirish borasidagi tajribalar muhokama qilindi.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyaning Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining yangi bosqichi, xususan, hududlar o‘rtasida sanoat, investitsiya, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Minsk viloyatining mashinasozlik, agrosanoat va chorvachilik sohalaridagi ilg‘or tajribasi Navoiy viloyati uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Delegatsiya a’zolari Minsk shahridagi «Minsk traktor zavodi» (MTZ) faoliyati bilan tanishdi.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya Belarusning Gomel viloyatida ham bo‘lib, qator manfaatli shartnomalarni rasmiylashtirdi.
Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko va Prezident yordamchisi Yuriy Valevatıy bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda savdo-iqtisodiy, investitsion va sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 5 ta ustuvor yo‘nalish (chorvachilik, «Navoiy savdo uyi», mahalliylashtirish, kadrlar va sog‘liqni saqlash) ilgari surildi.
Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasida ikki tomondan 12 nafardan mas’ul rahbarlar, boshqarma boshliqlari va yirik korxona direktorlari ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi. Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish, SEZ «Gomel-Raton» imkoniyatlaridan foydalanish va aniq muddatlarga ega qo‘shma «Yo‘l xaritasi»ni shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nuriddin Mamajonov ishtirokida 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi» va muhim bitimlar imzolandi. Bitimlarga ko‘ra, «Gomselmash» uchun 20 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlarni Navoi yda ishlab chiqariladi, Gomel shahrida Navoiy ning 860 turdagi mahsulotlari sotiladigan «Navoiy savdo uyi» ochiladi, Navoiy kollejlarida Gomel standartlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi va 20 nafar navoiylik shifokor Belarusda malaka oshiradi.
Sog‘liqni saqlash boshqarmalari, onkologiya va Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari o‘rtasida memorandumlar imzolandi. Kardiologiya, onkologiya va transplantologiya bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma «Tibbiyot haftaliklari»ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Delegatsiya «Gomselmash» AJning ishlab chiqarish jarayonlari va qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan tanishdi. Navoiy mashinasozlik korxonalarida eng xaridorgir 20–30 turdagi butlovchi qismlar uchun texnik audit o‘tkazish va tajriba turkumini chiqarishga kelishildi.
Shuningdek, Rogachyov tumanidagi «Tixinichi» agrokompleksiga tashrif buyurildi. 6 ta yirik chorvachilik majmuasi va 19 ming gektar maydonga ega zamonaviy agrokompleks tajribasi o‘rganildi. Belorus texnologiyalari asosida Navoiyda nasldor chorvachilikni rivojlantirish va ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Erishilgan kelishuvlar viloyatning eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Delegatsiya tashrifi davom etmoqda