“Yaxshi kishilarning buyuk xayratin”,
Hazrati insonning yurak qat-qatin,
Ezgu fazilatlar, imon suratin,
Turkiy xamsanavis shoir jurʼatin
Nazm sahnasida qilgan namoyon
Chaqmoqday chaqnagan soʻzsiz bobojon.
Ganjaviy-la boshi tik ozarboyjon,
Jomiy borki oʻktam tojiku “eron”,
Dehlaviy-la Hindda bordir sharaf-shon,
Turkiy elatlarda esa siz imon
Nazm olamida navqiron arslon
Boʻlib naʼra tortgan sizsiz bobojon.
Siz Farhod — elga suv deya tosh kesgan,
Iskandar — yovuzlik yoʻlini toʻsgan,
Qayssiz — haq yoʻlda sahrolar kezgan,
Vazirsiz — Bayqaro gʻazabin bosgan
Tarixi, hayoti oʻzi ming doston
Kamtarin xalqimga yuzsiz bobojon.
Kim tikladi millat shaʼni, gʻururin,
Kim sochdi oftobdek maʼrifat nurin,
Kim ochdi tilimiz minglab tugunin,
Vatanim oʻtmishi, kecha, bugunin
Suronli asrlar ichra bezabon
Hirotdan kuzatgan kuzsiz bobojon.
Qadringiz yurtimda bugun boshqacha,
Eng chekka qishloqdan qadim Shoshgacha,
Xoʻjandu Toshhovuz, Chimkent, Oʻshgacha,
El bilar yettidan yetmish yoshgacha
Tabarruk nomingiz dillarda har on
Ezgulik ketmagay izsiz bobojon.
Saydulla Qoplonov
Jizzax viloyati, Baxmal tumani