Sana munosabati bilan tashkil etilgan “Navoiy va Sharq Renessansi” mavzusidagi simpoziumda oʻzbek navoiyshunoslari bilan birga AQSH, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston kabi xorijiy mamlakatlardan ham atoqli olimlar qatnashdi.

Unda shoir hayoti, yuksak insonparvarlik gʻoyalari va ilmiy-adabiy merosini nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham keng oʻrganish va targʻib qilish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Anjumanni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi.

– Navoiyni bilish, uni anglash, asarlarini chuqur tahlilida bugungi xalqaro anjumanning ham ahamiyati katta, deb oʻylayman, – deydi Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bu kabi ezgu ishlarni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va mutafakkar Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorini ijrosining davom etayotganini bildiradi.

Simpoziumda adabiyotshunoslar Jabbor Eshonqul, Ibrohim Haqqul, Shuhrat Sirojiddinov, Nurboy Jabborov kabi oʻzbek olimlari hamda Yashar Kosim, Tanju Seyxan, Vahit Turk, Tatyana Anikeyeva kabi qator xorijlik mehmonlarning Alisher Navoiy adabiy merosiga bagʻishlangan ilmiy maʼruzalari tinglandi.

Konferensiya kunning ikkinchi yarmida ham davom etdi. Unda Navoiy asarlarida fonetika, shoir asarlarining sahnaviy talqini, uning sheʼriyatida komil inson gʻoyalari kabi qator tadqiqot maʼruzalari eshitildi.

Shundan soʻng, Sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva “Alisher Navoiy tadqiqotlari tahlillari” loyihasi doirasida chop etilgan “Gʻaroyibus-sigʻar” asarining tahlillari jam boʻlgan 7 jildli kitobni Yozuvchilar uyushmasi va Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondiga sovgʻa qildi.

Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist