баннер
29 Mar 2025
11:39

    Navoiy va Zaytunburn oʻzaro birodar shaharga aylandi

    Tomonlar mutaxassislar almashinuvi, biznes hamjamiyatlari va investorlarga koʻmak berish masalalarida kelishib oldi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi hokimlar malaka oshirish dasturi doirasida tajriba almashish va shaharlarni rejalashtirish hamda boshqaruvning ilgʻor tajribalarini oʻrganish maqsadida Turkiyada boʻlib turibdi, deb yozadi «Yuksalish« harakati axborot xizmati.

    Delegatsiyaga “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitasi deputati Bobur Bekmurodov rahbarlik qilmoqda.

    Navoiy hokimi Dilmurod Ergashev va Zeytinburnu meri Omer Arisoyning uchrashuvi tashrifning muhim voqealaridan biri boʻldi. Uchrashuv davomida Navoiy (Oʻzbekiston) va Zeytinburnu (Istanbul, Turkiya) oʻrtasida birodar shahar maqomida hamkorlik protokoli imzolandi.

    Maʼlumot uchun: Zeytinburnu qulay joylashuvi tufayli muhim iqtisodiy va savdo markazi hisoblanadi. Bu yerda koʻplab fabrikalar, bozorlar va savdo markazlari joylashgan. Tekstil sanoatidan tashqari, Zeytinburnu logistika va transport sohalarida ham muhim oʻringa ega.

    Ikki tomonlama hujjat iqtisodiy hamkorlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoshlar siyosati va sport, turizmni rivojlantirish hamda madaniy merosni asrab-avaylash, ekologik tashabbuslar, energetika, axborot texnologiyalari va transport kabi keng yoʻnalishlarni qamrab oladi.

    Tomonlar mutaxassislar almashinuvi, biznes hamjamiyatlari va investorlarga koʻmak berish masalalarida kelishib oldi. Hamkorlikning muhim jihatlaridan biri ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, jumladan, bolalar, nogironlar va keksa fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashdir.

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Zeytinburnudagi zamonaviy shahar rejalashtirish loyihalari bilan tanishdi. Shahar muhitini obodonlashtirish, ekologiya va infratuzilma sohasida innovatsion yechimlarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Eslatib oʻtamiz, 10-fevral kuni Oʻzbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida Samarqand va Konya oʻrtasida birodar shahar maqomida hamkorlik protokoli imzolangan edi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech