Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Tilo Klinner rahbarligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda Germaniya iqtisodiyoti vakolatxonasi rahbariyati hamda GFR kapitali evaziga Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan oʻnga yaqin yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Muloqot davomida mamlakat oʻrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xususan, nemis investorlarini Navoiy viloyatiga kengroq jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat rahbari hududda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berar ekan, Navoiyda aynan Germaniyalik ishbilarmonlar bilan boshqa yoʻnalishlar qatorida “yashil” energetika yoʻnalishida loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat universitetlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, viloyatdagi kasb-xunar maktab va kollejlarida Germaniya tajribasini joriy etish borasidagi imkoniyatlar haqida toʻxtaldi.

Jumladan, mamlakatimizda yoshlarni kasbga yoʻnaltirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganini, shu sababli taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada mustaxkamlash zarurligini aytib oʻtdi. Shuningdek, germaniyalik mutaxassislarni jalb etkan holda Navoyi viloyatida injenerlar maktabini tashkil etish taklifini berdi.

Oʻz navbatida Germaniya elchisi Tilo Klinner Navoiyda investitsiya jozibadorligini oshirish va investorlarga qulay imkoniyatlar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, innovatsion, yuqori texnologiyali, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosuvchi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish uchun mavjud sharoitlarni alohida eʼtirof etdi. Viloyatda investorlarga imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgani, ularning qonuniy manfaatlarining himoyalanishini yuqori baholadi. Shuningdek, Germaniya elchisi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida xorijlik sarmoyadorlarga yaratilgan imkoniyatlar, soliq imtiyozlari, qulay infratuzilma va logistika sharoitlari albatta germaniyalik ishbilarmonlarda qiziqish uygʻotishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda tomonlar sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, turizm sohasida hamkorlikni yana kuchaytirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish borasidagi istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olindi.