Viloyat hokimligi rasmiy qabul zalida viloyat hududlaridan jam boʻlgan oʻqituvchilar viloyat hokimligi tashakkurnomasi hamda 4 900 000 soʻm pul bilan mukofotlandi. Viloyat rahbari oʻqituvchilarni fidoiy va samarali mehnatlari evaziga respublikada yetakchi boʻlganligini alohida qayd etib oʻtdi.
Navoiy viloyatida taʼlim sifati va mazmunining yuqori darajada tashkil etilgani natijasida 359 ta umumtaʼlim maktablariga optik tolali yuqori tezlikdagi internet oʻtkazilib, “education” taʼrifiga oʻtkazildi. 232 ta umumtaʼlim maktablarida “kundalik.com” elektron kundaligi joriy etilib, qogʻoz shaklidagi kundalikdan butunlay voz kechildi. 164 ta maktabda Wi-fi zonalari va lokal tarmoqlar tashkil etildi.
Navoiy shahridagi 8-maktab Axborot texnologiyalari va informatika fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirildi. 8 ta shahar va tumanlarda IT-markazlari oʻz faoliyatini boshladi. Xalq taʼlimi tizimining resurslari, kuch va vositalarini avtomatik boshqaruv tizimi “IRP” barcha umumtaʼlim maktablariga joriy etildi.
Shuningdek, hozirgi kunda viloyat xalq taʼlimi tizimidagi tegishli oʻqituvchilar va masʼul shaxslarning saʼy harakati bilan “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasi doirasida viloyat boʻyicha 53 517 nafar oʻquvchi va oʻqituvchilar oʻqib, dasturchi kasbini egalladi.
Navoiy viloyati respublikaning boshqa viloyatlari orasida eng yuqori koʻrsatgichni qayd etib, Prezident sovgʻasi “Spark” avtomobilini koʻlga kiritdi, hamda bir qancha oʻqituvchilar “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, dasturchi kasbini egallagan oʻquvchilarni frilanserlik faoliyatiga jalb qilish ishlari boshlanib, 100 nafardan ortiq oʻquvchilar frilanserlik faoliyati orqali daromad topishi yoʻlga qoʻyildi, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati Xalq taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga tayanib.