Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Konrad Adenauer fondining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi koʻmagida joriy yilnig 23—24-iyun kunlari senatorlar, Adliya vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda 2020-2021-yillar Davlat dasturlari Navoiy viloyatida bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi tadbirlari hamda 25-iyun kuni monitoring natijalari va amalga oshirilgan ishlar boʻyicha jamoatchilik eshituvi oʻtkaziladi.
Jamoatchilik nazorati tadbirlari davomida Navoiy shahri, Karmana va Navbahor tumanlarida “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” Davlat dasturining 204, 205-bandlari boʻyicha belgilangan vazifalar – 2020-yilda ogʻir turmush sharoitidagi, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni arzon uy-joylar bilan taʼminlash, xotin-qizlarning kichik biznes loyihalariga imtiyozli kreditlar berish orqali bandlik darajasini oshirish ishlari qay darajada sifatli bajarilganligi oʻrganiladi.
Shuningdek, 2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining 80-bandi ijrosi qay tartibda tashkil etilganligi, jumladan, kambagʻallikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish vazifalarining ijro sifatiga baho beriladi.
Shu bilan birga, Dasturning 197-bandiga muvofiq, joriy yilda xotin-qizlarning kichik tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda kreditlar berish, ogʻir turmush sharoitidagi, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni arzon uy-joylar bilan taʼminlash, joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularning bandligini taʼminlash, muhtoj xotin-qizlarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash va boshqa shu kabi masalalarning ijro holati oʻrganiladi.
Eslatib oʻtamiz, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi jami 273 banddan iborat boʻlib, bu borada batafsil maʼlumot “Jamoatchilik.uz” platformasiga joylashtirilgan. Dastur ijrosi yuzasidan fikr-mulohazalar qoldirish imkoniyati yaratilgan.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati