Ishlab chiqarish toʻdiq quvvatga yetgach, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligining bu mahsulotga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qoplanadi.Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari, Afgʻoniston, Turkiya, Ukraina va Gruziyaga uning eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2016-yilda boshlangan mazkur loyiha qiymati 985,7 mln. dollarga teng boʻlib, uni moliyalashtirish 577 mln. doll. miqdoridagi Yaponiya banklari va moliyaviy institutlari kreditlari, 320 mln. doll. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi krediti va 88,7 mln. doll. korxonaning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirildi.
Ammiak va karbamid ishlab chiqarish majmuasini qurish juda murakkaab jarayon boʻlib, uning har bir texnologik bosqichi noyob innovatsion va zamonaviy texnologiyalar qoʻllashni taqozo etadi. Ekspertlarning fikricha, “Navoiazot” AJdagi mazkur ishlab chiqarish ekologik va energetik samaradorligiga koʻra, dunyodagi eng soʻnggi texnologiyalari hisoblanadi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ axborot xizmatining maʼlumotlariga qaraganda, majmua Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Ishlab chiqarish texnologiyalari dunyoning eng yetakchi kompaniyalari, hususan, ammiak ishlab chiqarish boʻyicha Daniyaning “Haldor Topsoe”, karbamid ishlab chiqarish boʻyicha Italiyaning “Saipem” kompaniyasi hamda karbamid granulyatsiyasi boʻyicha esa Germaniyaning “Uhde” kompaniyalari yetkazib berdi. Asosiy texnologik uskunalar Yaponiya va Yevropadan keltirilgan..
Majmuada 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ammiakning 330 ming tonnasi yangi karbamid ishlab chiqarishga va 330 ming tonnasi mavjud ammiakli selitra ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi. Loyiha toʻliq qoʻvvatga chiqqanda 1 trillion 428 mlrd. soʻmlik tovar mahsulot ishlab chiqariladi va kimyo tarmogʻini 9,5 foizga oʻsishga olib keladi. Yiliga byudjetga 600 mlrd. soʻm miqdoridagi tushumlarini taminlaydi hamda 58,0 mln. dollarlik qoʻshimcha mahsulot eksport qilinadi.
Loyihani amalga oshirish natijasida 1964-yilda qurilgan, maʼnaviy jihatdan eskirgan, energiyasi sarfi yuqori boʻlgan “Navoiyazot” AJ 1- va 2- ammiak ishlab chiqarish sexlari foydalanishdan chiqariladi.
Abdurauf Qorjovov