Navoiyda 300 MVtlik quyosh stansiyasi qurilishi boshlandi

    Navoiy viloyatida 300 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVtlik energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi.

    Loyiha Xitoyning “SINOMA” kompaniyasi investitsiyasi asosida “Navoiy Clean Energy Technology” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Uning qiymati 260 million dollar boʻlib, qurilish ishlari Karmana tumanidagi 522 gektar maydonda xorijiy va mahalliy kompaniyalar hamkorligida olib borilmoqda.

    Stansiya 2026-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. U yiliga 650 million kVt/soat “yashil” energiya ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu 270 ming xonadonning bir yillik elektr isteʼmoliga teng. Shuningdek, loyiha amalga oshirilishi natijasida 196 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdori 273 ming tonnaga qisqaradi va 25 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi.

    Yangi stansiya mintaqada ham, umumrespublika miqyosida ham energiya taʼminoti barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.