Maʼlum qilinishicha, 2026-yil 17-yanvar kuni soat 07:00 atrofida Tomdi tumanidagi “Tomdibuloq” OFY hududidan oʻtuvchi A-379 “Navoiy–Uchquduq” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻlining 189–190-kilometrlari oraligʻida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.

“ZHONG TONG BUS” rusumli avtobus “Navoiy–Zarafshon” yoʻnalishi boʻylab harakatlanib kelayotgan vaqtda boshqaruvni yoʻqotib, harakat yoʻnalishiga qarshi tomonga agʻdarilgan.

Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro jarohat olib, Zarafshon shahri tibbiyot muassasasiga yetkazilgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.