Navoiyda byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgan mansabdorlar fosh etildi

    Mamlakatimizda 14 Mart 2023 899

    Xatirchi tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mansabdor shaxslari oʻzaro jinoiy til biriktirib, 2022-yil iyun-dekabr oylarida 43,6 mln soʻm miqdoridagi ragʻbatlantirish va ish haqlarini noqonuniy hisoblab, budjet mablagʻlarini talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

    Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro N.O.ning Navoiy viloyati, Xatirchi tumani Xalq taʼlimi boʻlimi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan hamda boʻlimdagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitdan norozi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga yoʻllagan murojaatlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan koʻrib chiqildi.

    Oʻrganish natijasiga koʻra, muallifning shikoyatlari hamda toʻplangan hujjatlar vakolat doirasida koʻrib chiqish uchun tegishli idoralarga yuborilgan edi.

    Shunga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshirishda Xatirchi tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mansabdor shaxslari oʻzaro jinoiy til biriktirib, 2022-yil iyun-dekabr oylarida 43,6 mln soʻm miqdoridagi ragʻbatlantirish va ish haqlarini noqonuniy hisoblab, budjet mablagʻlarini talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

    Mazkur holat yuzasidan 2023-yil 26-fevral kuni Xatirchi tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qism “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Hozirda ushbu jinoyat ishi doirasida prokuratura idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.