IIV JXD YHXX axborot xizmatining maʼlum qilishicha, YTH 19-yanvar kuni soat 1:45 da sodir boʻlgan. Navoiy shahrining Islom Karimov koʻchasida xizmat olib borayotgan Navoiy viloyati IIB YHXB yoʻl-patrul xizmati inspektori Jasurjon Muhammadov davlat raqamisiz, yoʻl harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet mashinasi haydovchisiga toʻxtash ishorasini qilgan.

Ammo haydovchi toʻxtash ishorasiga boʻysunmasdan yoʻl harakati qoidasini buzgan holda qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan. Soʻngra voqea joyidan qochib ketgan. Inspektor esa hodisa joyida vafot etgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida Kia Sonetʼni 2008-yilda tugʻilgan S.M. boshqargani, mashina uning otasiga tegishli boʻlganligi aniqlangan. Mashina yashirib qoʻyilgan joyidan topilib, jarima maydoniga joylashtirilgan.

«Haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan, yoʻl harakati qoidalarini bilmaydigan Navoiy shahridagi 8-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi yoʻlda boshqa fuqaroni urib yuborishi ham mumkin edi. Afsuski, vatan oldidagi burchiga sadoqat koʻrsatib xizmat qilayotgan YPX inspektori toʻxtash ishorasini bergan vaqtida qoidabuzarlik qurboni boʻldi. Keyingi vaqtlarda kattalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarga mashina boshqaruvini berish holatlari koʻp uchramoqda. Bu esa ayanchli oqibatlarga olib kelishi muqarrar. Shuning uchun, ota-onalar farzandlarining, qolaversa, boshqa yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsizligi uchun bunday xatoni qilmasliklarini soʻrab qolamiz», deydi IIV JXD YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yoʻldoshov.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-(Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-(Xavf ostida qoldirish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Inspektor Jasurjon Muhammadov 1993-yilda tugʻilgan, 2 farzandning otasi boʻlgan. U ichki ishlar organlari tizimida 2017-yildan buyon ishlab kelgan.