Ijtimoiy tarmoqlar orqali joriy yilning 12-aprel kuni “Navoiyda maktabdagi janjaldan soʻng oʻquvchi qiz oʻz joniga qasd qildi 17 yoshli oʻquvchi bir dona ignani yutib, ketidan koʻp miqdorda dori ichgani, ayni paytda koma holatida ekani aytilmoqda” nomli xabar tarqatilgan.
Navoiy viloyat prokuraturasining maʼlum qilishicha, Xatirchi tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining birida oʻqiyotgan S.A joriy yilning 07-aprel kuni soat 14:10 larda yashash hovlisida koʻp miqdorda dori isteʼmol qilgan. Oqibatda sogʻligʻi yomonlashib, tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish boʻlimiga olib kelingan.
Bemorning ahvoli ogʻirlashganligi uchun, u Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialining “Jonlantirish” boʻlimiga koʻchirilgan. Bemor koma holatida boʻlib, shifokorlar tomonidan unga davo muolajalari olib borilmoqda.
Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan hodisa joyi koʻzdan kechirilib, sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.