Navoiyda noqonuniy quyon ovlagan shaxslarga nisbatan chora koʻrildi

    Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi Zarafshon shahar boʻlimi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida 7-oktyabrdan 8-oktyabrga oʻtar kechasi soat 02:30larda navbatdagi reyd tadbiri oʻtkazildi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Oʻtkazilgan reyd davomida huquqbuzar K.A. oʻziga tegishli boʻlgan “Niva” rusumli avtomashinasi bilan Konimex tumani “Karagata” OFY hududidan noqonuniy ravishda 6 ta yovvoyi quyonni ovlab kelayotgan vaqtida Zarafshon shahri hududida toʻxtatildi. Ushbu huquqbuzarlik natijasida tabiatga 2 mln 250 ming soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi.

    Holat boʻyicha huquqbuzarning avtomashinasi jarima maydonchasiga joylashtirilib, K.A.ga tegishli boʻlgan ov quroli IIB xodimlariga topshirildi.

    Shuningdek, huquqbuzarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi 4-qismiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilmoqda.