18-noyabr — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun Navoiy viloyatida ham bayram sifatida keng nishonlandi.
Bayram munosabati bilan “Sogʻlom hayot uchun besh ming qadam” shiori ostida ommaviy piyoda yurish marafoni oʻtkazildi. Tantanali tadbirda viloyat va shahar hokimligi, harbiylar, tashkilot va korxona xodimlari, yoshlar va koʻngilli fuqarolar harbiy orkestr sadolari bilan qoʻllarida davlatimiz bayrogʻini dast koʻtarib, piyoda yurib manzilga yetib keldilar.
Navoiy shahri markazida oʻrnatilgan ulkan bayroq ostida tadbirning asosiy badiiy qismi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Davlat madhiyasi sadolari ila boshlangan bayramda viloyat hokimi oʻrinbosari Jamshid Xodjayev yurtimiz bayrogʻi haqida soʻzlab, ishtirokchilarni bugungi sana bilan muborakbod etdi.
Shuningdek, mazkur tantanali tadbirda faxriylar, harbiylar, yoshlar va keng jamotchilik vakillari, shahrimizdagi tashkilot va korxonalar xodimlari faol ishtirok etdi.