Zarafshon shahrida mamlakatimizdagi birinchi shamol turbinasi oʻrnatilishini nishonlash tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirda Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosar I.Norimov, Zarafshon shahri hokimi N.Rahmonov, Tomdi tumani hokimi Q.Aldabergenov, “Shamol Zarafshan Energe” (Masdar) kompaniyasi, Energetika vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Maʼlumot oʻrnida, turbinaning quvvati 4,7 MVt, balandligi 97 metr. Shamol turbinalari parraklarining uzunligi 77 metr. Ushbu loyiha doirasida jami 111 ta shamol turbinasi oʻrnatiladi.

Ushbu mega loyihaning umumiy qiymati 600 mln. dollarni tashkil etib, yuz foiz xorijiy insevtitsiya hisobiga amalga oshirilmoqda.  Shamol elektr stansiyasi qurilishining birinchi bosqichi joriy yil oxirida yakuniga yetkazilib, tarmoqqa ulanishi rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joiz, 2024-yil yakuniga qadar toʻliq quvvat bilan ishga tushiriladigan mazkur stansiyada yiliga 1 mlrd 800 mln kVt.soat elektr energiya ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 540 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Shamol elektr stansiyasining qurilishi davomida 800 tagacha va ishga tushgandan soʻng 30 yangi ish oʻrni yaratiladi.