Muloqot davomida “Hextar Group” kompaniyalar guruhi va “Hextar Global” kompaniyasi bilan oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish masalalari muhokama etildi.
Malayziya vakiliga Oʻzbekistonda investorlar uchun qulay biznes muhiti shakllanganligi, jumladan respublikada faoliyat koʻrsatayotgan erkin iqtisodiy zonalarda tadbirkorlar uchun bir qator soliq va bojxona toʻlovlari hamda infratuzilmaga ulanish boʻyicha qator imtiyozlar berilayotgani, xorijiy investorlarga oʻz biznes loyihasini qisqa muddatlarda roʻyxatdan oʻtkazish uchun “yagona darcha” tizimi yaratilgani toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, Malayziya tomoniga Oʻzbekistonning turli hududlarida kimyo sanoati sohasida istiqbolli investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish takliflari oʻrganib chiqish uchun taqdim etildi.
Ervan Taxir, oʻz navbatida, dunyoda globallashuv shiddat bilan ketayotgan bir sharoitda kompaniyaning boshqa mamlakatlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali biznes koʻlamini yanada kengaytirish rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Kompaniya vakili Oʻzbekistonda davlat xususiy sherikchilik asosida loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish, jumladan gidroelektr va shamol elektr stansiyalari kabi qayta tiklanuvchi energiya hamda telekommunikatsiya sohalaridagi loyihalarga xususiy sherik sifatida sarmoya kiritish takliflarini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda “Hextar Group” kompaniyalar guruhi tomonidan “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan kimyo sanoati hamda Energetika vazirligi bilan “yashil energiya” sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish va kompaniya vakillarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Oʻzbekiston elchisi, shuningdek, “Hextar Global” kompaniyasiga qarashli “Chempro Technology” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
“Hextar Group” kompaniyalar guruhi 1985-yilda tashkil etilgan. Guruh xalqaro miqyosdagi konglomerat boʻlib, tarkibida kimyo, energetika, telekommunikatsiya sohalaridagi 8 ta yirik korxonani jamlagan. “Hextar Global” kompaniyasi ham “Hextar Group” kompaniyalar guruhi tarkibiga kiradi. Mazkur kompaniya keng turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 15 ta korxonani oʻz ichiga oladi.