Navoiy viloyati ahli Paralimpiya oʻyinlari chempioni Elbek Sultonovni tantanali kutib oldi. Yurt bayrogʻini yuksaklarda hilpirashiga sabab boʻlgan polvonni shahar koʻchalarida yurtdoshlarimiz olqishladi.
Maʼlumot uchun, Parijda oʻtgan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medalini (jami 26 ta) qoʻlga kiritib, medallar jadvalida 13-oʻrindan joy oldi, Osiyoda esa Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi boʻldi. Bu — mamlakat tarixidagi eng yaxshi natija.
F12 klassida yadro uloqtirish boʻyicha finalda ishtirok etgan navoiylik Elbek Sultonov 16.45 metr natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritib, bu reytingga oʻz munosib hissasini qoʻshdi.
Viloyat hokimi chempionni qabul qilarkan, yutuqlari bilan qutladi. Samimiy tilaklarini tilab, yurtga faqat gʻalabalar olib kelishini niyat qildi.