Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda “P.L.” MCHJ xodimi S.B. fuqaro M,X.ga xorijda ishlab chiqarilgan 165 quti “Le-Fer” nomli dori vositasini 46 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan yana 300 dona “SUTSILIN” nomli jami 133,1 mln soʻmlik hujjatsiz dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Karmana tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqarolar H.E. va U.M. xorijda ishlab chiqarilgan 500 quti “Ferrovayz” nomli dori vositasini fuqaro G.B.ga 57,5 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.