Navoiy viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bilan bir qatorda hamkor tashkilotlar ishtirokida boʻlib oʻtayotgan “Vatanni mardlar qoʻriqlar” shiori ostidagi sport musobaqalari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar aynan mana shu maqsadlarga qaratilgan.
Navoiy shahridagi “Yoshlar” sport majmuasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, harbiy qismlar va uyushmagan yoshlar oʻrtasida sportning yugurish, estafeta, tosh koʻtarish, arm-restling kabi turlari boʻyicha musobaqa tashkil etildi, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati.
– Ayni paytda oʻtkazilayotgan sport musobaqasi yoshlarimizning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan boʻlib, unda shahar-tumanlardan bir qator sportsevar yoshlar ishtirok etyapti. Bundan koʻzlangan maqsad har jabhada faol boʻlgan yoshlarni yuzaga chiqarish, ularga jamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topishda koʻmaklashishdan iboratdir, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi, senator Jamshid Xodjayev.