Tadbirni uyushma raisining oʻrinbosari Farida Afroʻz ochib berdi. Unda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, filologiya fanlari doktori Adhambek Alimbekov, “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf va boshqalar soʻzga chiqdi.
– Taniqli shoir Ashurali Boymurod maqolalari va sheʼrlari bilan oʻquvchilarga yaxshi tanish. Matbuot sahifalarida uning yurtimiz koʻhna tarixiga, qadim yodgorliklariga oid qiziqarli, salmoqli maqolalari eʼlon qilingan, – dedi Muhammad Ali. – Ulugʻ ajdodlarimizga ehtirom shoir ijodida yalt etib koʻzga tashlanadi. Navoiy va Bobur ijodini oʻrganishga boʻlgan ishtiyoq ayniqsa, uning publitsistik maqolalarida yaqqol seziladi. Oʻquvchini Navoiyni oʻrganishga chorlovchi daʼvatlar, sheʼriy ohanglar aslo oʻquvchini befarq qoldirmaydi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan Ashurali Boymurod ham badiiy, ham jurnalistlik faoliyatda birday faol ekani alohida taʼkidlandi.