Unda inspeksiya mutasaddilari bilan birga Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayev, Zarafshon shahri hokimligi vakillari, oʻquvchilar va ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbir davomida oʻquvchilarning Finlyandiyada olingan bilim va koʻnikmalari kelgusida mamlakatimiz ravnaqi hamda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarida muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirildi.

Oʻz navbatida, oʻquvchilar mazkur loyihaning ilk qaldirgʻochlari sifatida Finlyandiyada mamlakatimiz yoshlari nomidan tahsil olish ularga ulkan ishonch va masʼuliyat bagʻishlashi hamda ushbu yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, kelajakda yurtimiz rivojiga hissa qoʻshadigan malakali kadrlar boʻlish uchun astoydil bilim olishlarini taʼkidlashdi.

Qayd etish lozimki, 2020-yilning 30-oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yurtimizda taʼlim sifatini oshirish uchun Finlyandiya tajribasi oʻrganish vazifasi belgilangan edi.

Oʻtgan davr mobaynida ushbu tajribalarni mamlakatimiz taʼlim tizimiga joriy etish boʻyicha Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiya Respublikasining Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Finlyandiyadagi yetakchi ekspertlar, olimlar va investorlar bilan qator loyihalar amalga oshirildi.

Ushbu loyihalar doirasida Finlyandiyaning Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Unga koʻra, Navoiy viloyatidan 9-sinf bitiruvchi oʻquvchilariga Finlyandiyaning nufuzli akademik litseylarida 3 yil davomida taʼlim olish imkoniyati yaratilgan edi. Mazkur loyiha doirasida finlyandiyalik oʻqituvchi Milena Lahdenpera joriy yilning mart oyidan boshlab, navoiylik oʻquvchilarga fin tilidan saboq berdi. Ushbu oʻquvchilar orasidan saralab olingan eng iqtidorli 8 nafar oʻquvchiga Finlyandiya taʼlim muassasalarida oʻqishlarini davom ettirish imkoniyati taqdim etildi.

Tadbir yakunida oʻquvchilarga tabriknomalar topshirilib, kelgusida Finlyandiya tajribasini oʻrganish va ilgʻor tajribalarni yurtimiz taʼlim tizimiga tatbiq etish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olindi, deyiladi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati xabarida.