Navoiylik yoshlar tadbirkorlik boʻyicha Andijon tajribasi bilan tanishdi

    Biznes sayohatning uchinchi kunida navoiylik yoshlar Andijon shahridagi Digital City (Raqamli shahar)ni borib koʻrdi. U yerda yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Raqamli shahardagi oʻqitish tizimi haqida mutaxassislar tomonidan tushunchalar berildi.

    Navoiy viloyati hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi viloyatdagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ishsiz va tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagidagi qirqqa yaqin yigit-qiz tadbirkorlarning ish faoliyatini oʻrganish, ular bilan oʻzaro fikr almashish, taklif va loyihalarini muhokama etish maqsadida Andijon viloyatiga yuborildi.

    Navoiylik mehmonlar Andijon shahridagi temir yoʻl vokzalida tantanali kutib olindi.

    Sayohatning birinchi kunida yoshlar viloyatning eng xushmanzara goʻshalaridan biri boʻlgan Xonobod shahriga bordi. Ular Xontogʻ tepaligidagi yangi qurilgan dam olish maskanlari hamda Xonobod shahrida bunyod etilgan dalahovlilar bilan yaqindan tanishdi. Shundan soʻng “Afsona” dam olish maskanida baliqchilik, parrandachilik boʻyicha faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan fikr almashdi. Oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

    Sayohatning ikkinchi kunida navoiylik yoshlar Qoʻrgʻontepa tumanida joylashgan “KXAN-TEX Group” faoliyati bilan tanishdi. Yoshlar bu yerda paxtani qayta ishlab, ipak tolasi tayyorlash jarayonlar bilan tanishdi. Soʻng yosh tadbirkorlar hamda tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar Buloqboshi tumanida joylashgan “Nektar agro” korxonasiga qarashli issiqxonada boʻldi. Shu kunning oʻzida mehmonlar “Bogʻi Bobur” istirohat bogʻida “Maʼrifat turizmi” loyihasi doirasida Zahiriddin Muhammad Boburning ramziy qabri, tarixiy va memorial yodgorliklarini ziyorat qildi.

    Kunning ikkinchi Andijon shahridagi muhtasham “Yoshlar markazi”da ikki viloyat yosh tadbirkorlari oʻzaro fikr almashdi. Har ikki hududda yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, imkoniyatlar toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan yosh tadbirkorlar tomonidan biznes-trening oʻtkazilib, bir qator masalalar muhokama etildi.

    Tajribali tadbirkorlar faoliyatini oʻrganish maqsadida yoshlar Oltinkoʻl tumanida joylashgan “Baxt imkon” fermer xoʻjaligida boʻldi. Masʼullar chorvachilik bilan shugʻullanish istagidagi yoshlarga tadbirkorlikning bu yoʻnalishi boʻyicha maʼlumot berdi. Soʻng mehmonlar tumandagi mebelchilik, duradgorlik, limonariya va boshqa yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan yosh tadbirkorlar va hunarmandlar faoliyatini oʻrgandi. Ushbu uchrashuv yoshlarda oʻzgacha taassurot uygʻotdi.

    Biznes sayohatning uchinchi kunida navoiylik yoshlar Andijon shahridagi Digital City (Raqamli shahar)ni borib koʻrdi. U yerda yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Raqamli shahardagi oʻqitish tizimi haqida mutaxassislar tomonidan tushunchalar berildi.

    Bundan tashqari, yoshlar Marhamat tumanidagi “Vodiy hamkor” quyonchilik agrofirmasida boʻldi. Korxona bozorlarimizni quyon goʻshti bilan taʼminlash barobarida, moʻynali kiyim-kechaklarni sotuvga chiqaradi.

    Navoiylik yoshlar Asaka tumanidagi “Uzavtomotors” zavodiga ham borib, qizgʻin ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Bugun nafaqat yurtimiz balki jahon bozoriga ham koʻrk bagʻishlab turgan avtomashinalarning tayyorlanishiyu sinov maydonlaridagi ishlar yoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.

    Tadbirkorlik faoliyatini oʻrganish va oʻrgatishga boy oʻtgan uch kunlik biznes sayohat yoshlar hayotida oʻchmas iz qoldiradi. Zero, undan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarning bilim va tajribasini oshirish, yangi koʻnikmalar bilan gʻoyalarini boyitish, mavjud innovatsion gʻoyalarini mukammallashtirish hamda Oʻzbekiston rivnaqiga hissa qoʻshishga qaratilgan.

    Javohir ABABAKIROV,

    Dilnoza ABDUHAMIDOVA

    Navoiy — AndijonNavoiy