Navqiron avlod — dunyoning ishonchi, kelajak tayanchi

    Fikr 14 Avgust 2021 2221

    Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasi tahlili va tafsiloti

    Mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doim davlatimiz va jamiyatimiz eʼtibori markazida boʻlib kelmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil avvalida BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Jenevadagi yuksak minbarida turib, Oʻzbekistonda 2021-yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinganini alohida taʼkidlagani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

    Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ayni yoʻnalishda qator tashabbuslarni ilgari surdi. Birinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasini oʻtkazish; ikkinchidan, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining oʻninchi forumida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini taqdim etish; uchinchidan, Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish takliflari bildirildi.

    Bugungi kunda xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ana shu tashabbuslarning barchasi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-yil 12–13-avgust kunlari Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida oʻtkazilgan Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasi buning yorqin dalolatidir.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, ushbu xalqaro anjumanni oʻtkazish vazifasi, avvalo, Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturida belgilab berilgandi. Bu vazifa, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi 46-sessiyasidagi tashabbusi va takliflarini amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasida ham koʻzda tutilgan.

    Konferensiyaning asosiy maqsadi

    Bundan bir yil oldin xuddi shu kunlari yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand veb-forumini oʻtkazgandik. Nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki butun sayyoramiz yoshlarining hayotini yaxshilash uchun global hamkorlik muhimligini alohida taʼkidlashga qaratilgan xalqaro anjumanda “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilingandi.

    Rezolyutsiyada, jumladan, yoshlar huquqlari har kim foydalanishi zarur boʻlgan, ammo ayrimlar yoshining kichikligi tufayli bunday imkoniyatdan mahrum etilgan huquqlar ekani qayd etilgan. Ushbu hujjat hozirgi davrda davlatlarning rivojlanishi bilan bogʻliq barcha jarayonlarga yoshlarni yana-da keng jalb etish zarurligining har tomonlama tasdigʻidir.

    Shu maʼnoda, yaqinda boʻlib oʻtgan Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasi, shubhasiz, Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumining mantiqiy davomi hisoblanadi. Chunki Toshkent xalqaro anjumanini oʻtkazishda yoshlar va ularning huquqlarini himoya qilish masalasida yangi gʻoyalar, ustuvor sohalar, amaliy yechimlar va yangiliklarni muhokama qilish uchun platforma yaratish va umumiy muammolarni birgalikda hal qilish asosiy maqsad sifatida belgilab olindi.

    Bugun dunyoda yoshlar aholining misli koʻrilmagan darajada koʻpchilik qismini, yaʼni 2 milliard nafarni tashkil qilmoqda. Bu aksariyat mamlakatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda ham aholining oʻsib boradigan katta qismi yoshlardan iborat, deganidir.

    BMT doirasida va undan tashqaridagi muloqot maydonlarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qoʻyilmoqda. Ammo global rivojlanish davrida oldinga qarab qadam qoʻyish zarurati mavjud.

    Joriy yilning iyun oyida Oʻzbekistonga rasmiy tashrif buyurgan taniqli siyosatchi, Parlamentlararo Ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong suhbat chogʻida bir fikrni afsus bilan taʼkidladi. Sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan insonlar tashkil etsada, butun dunyo boʻyicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan. Oliy martabali mehmon Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi. Bu — katta eʼtirof, albatta.

    Parlamentlararo Ittifoqning “Biz parlamentda yoshlarni qoʻllab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusi doirasida ilk bor Yoshlar parlamentlari aʼzolari bilan xalqaro davra suhbati oʻtkazildi. Ushbu tashabbus asosida siyosiy yetuk va faol yigit-qizlarni milliy parlament va mahalliy kengashlar faoliyatiga yana-da keng jalb etamiz.

    BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan yoʻllagan tabrigida shunday deb taʼkidladi: “Men yoshlar vakillariga muzokaralar davrasida ishtirok etishlari uchun yonimizdan joy ajratishni har biringizdan qatʼiy soʻrayman. Toki ular hamma uchun keng qamrovli, adolatli va barqaror rivojlanishga tayanadigan hayot barpo etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizda imkon qadar bizga yelkadosh boʻlsinlar”.

    Oʻz navbatida, YUNESKO Bosh direktori Odre Azule Xalqaro yoshlar kuniga bagʻishlangan murojaatida hozirgi kunda yuzaga kelgan murakkab vaziyatda, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq sharoitga qaramasdan, butun insoniyatning kelajagi hisoblanuvchi yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. «Bunda navqiron avlodning favqulodda aql-tafakkuri, kreativligini ishga sola bilishimiz kerak, — dedi O.Azule. — Zero, aksariyat hollarda aynan yoshlar oʻzlarini qiynayotgan muammolarni hal etishning qulay yoʻllarini birinchilardan boʻlib bizga taklif etishlari bejiz emas».

    Chindan ham, Barqaror rivojlanish maqsadlariga qanchalik erishishimiz bugungi va ertangi yoshlarga bevosita bogʻliq. Shu bois, butunjahon konferensiyasi doirasidagi muhokamalarning yechimi, sodda qilib aytganda, “Yoshlarning huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishga qanday qilib koʻmaklashish mumkin?” degan savolga aniq javob topishga va shu mavzu bilan bogʻliq muammolarga amaliy yechimlar taklif etishga qaratildi.

    Xalqaro anjumanning oʻziga xos xususiyatlari

    Birinchidan, Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasi BMT tomonidan eʼlon qilingan tarixiy sana, yaʼni 12-avgust — Xalqaro yoshlar kunida ish boshladi.

    Ikkinchidan, Toshkent xalqaro anjumanining tashkil etilishi joriy yil Oʻzbekistonda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingani munosabati bilan mamlakatimizda birinchi marta oʻtkazilgan Yoshlar forumi va festivallari millionlab oʻgʻil-qizlarimiz hayotida yorqin iz qoldirgan joʻshqin davrga toʻgʻri keldi.

    Uchinchidan, butunjahon konferensiyasi ishida BMT va ushbu nufuzli tashkilotning butun dunyodagi tuzilmalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlardan oliy darajadagi vakillar ishtirok etdi.

    Toʻrtinchidan, xalqaro anjuman sayyoramizdagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida taʼkidlashga xizmat qildi.

    Ana shu toʻrt xususiyatning har birida oʻziga xos ramziy maʼno bor. Qolaversa, Toshkent xalqaro anjumani ham shaklan, ham mazmunan betakror ahamiyat kasb etdi.

    Shaklan yondashganda, pandemiya tufayli yoshlarga mos axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda, konferensiya gibrid tarzda — onlayn va oflayn formatlarda oʻtkazildi. Mazmun jihatidan esa u aynan yoshlar huquq va erkinliklariga bagʻishlangani bilan alohida ajralib turdi.

    Butunjahon konferensiyasida qatnashgan xorijiy ishtirokchilarning umumiy soni — 40 dan ortiq mamlakatdan 150 dan ziyod vakil, milliy ishtirokchilar esa 350 dan ortiq kishidan iborat boʻldi. Ishtirokchilar orasida:

    • 13 ta xalqaro va 7 ta mintaqaviy tashkilot;
    • 11 ta xalqaro nodavlat notijorat tashkilot;
    • 15 ta xorijiy davlatning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari;
    • 7 mamlakatdan yoshlar bilan ishlash boʻyicha parlamentlar va davlat idoralari;
    • 5 mamlakatdan taʼlim va ilmiy-tadqiqot institutlari;
    • 15 mamlakatdan yoshlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari;
    • Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan 20 dan ortiq diplomatik missiya vakillari bor.

    Eng asosiysi, ishtirokchilarning 70 foizdan ziyodi yoshlardir.

    Nufuzli xalqaro siyosatchilar eʼtirofi

    Butunjahon konferensiyasi yuqori darajada, ochiq va amaliy munozaralar ruhida oʻtdi. Dastavval Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva soʻzga chiqib, xalqaro anjuman ishtirokchilarini qutladi.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatnomasini BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi Yu Yu oʻqib eshittirdi. Murojaatnomada eʼtirof etilishicha, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining joriy yil boshidagi 46-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼkidlangan yoshlar huquqlarini taʼminlash ishiga sodiqligi va bu boradagi tolmas saʼy-harakatlari uchun BMT Oʻzbekiston hukumatining ezgu intilishlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

    Bosh kotibning murojaatnomasida taʼkidlanganidek, “Yoshlar– 2030” strategiyasi BMT tarixida dastlabki yalpi tizimli strategiya boʻlib, yoshlar bilan ishlash va ularning manfaatlarini taʼminlash borasidagi faoliyatni yana-da mustahkamlash boʻyicha zimmamizga katta majburiyat yuklaydi. Shu maʼnoda, “Oʻzbekiston mazkur strategiyani shiddatli surʼatlarda amalga oshirayotgan dunyoning 10 ta mamlakatidan biri ekanini eʼtirof etishga ijozat bergaysiz”, deb qayd etdi A.Guterrish.

    BMT Oʻzbekistonda qisqa vaqt ichida Yoshlar parlamenti, BMTning Yoshlar maslahat kengashi tashkil etilgani; 2021-yil — “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingani, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilingani, yoshlarning hayotiy qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini taʼminlash hamda ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan koʻplab strategiya, dastur va moliyaviy vositalar ishlab chiqilgani va amalda tatbiq etilayotganini olqishladi.

    BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Michel Bachelet oʻzining videomurojaatida “Butunjahon konferensiyasi mintaqaning navqiron yoshdagi barcha insonlariga barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning oʻrni va ahamiyatini oshirish yoʻllarini izlash hamda bu borada oʻzaro tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratadi”, deb qayd etdi.

    Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi samaradorlikni susaytirayotgan koronavirus pandemiyasi va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq tahdidlardan qatʼi nazar, jahon hamjamiyati navqiron insonlarni hayotimiz faoliyatining barcha sohalariga jalb etishni kuchaytirish borasida izchil ish olib borishi zarur.

    M.Bachelet taʼbiri bilan aytganda, COVID–19 pandemiyasi yosh avlod hayotini juda murakkablashtirib yubordi. Xususan, dunyo miqyosida talabalarning bilim olish tizimini izdan chiqardi. Buning oqibatida taʼlim sohasida shusiz ham mavjud boʻlgan tengsizlik yana-da qaltis tus olmoqda va ushbu tizim global inqiroz bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda.

    Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatidagi majburiyatlarini qunt bilan bajarayotganini maqbulladi. Xususan, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya ratifikatsiya qilingani bilan tabriklar ekan, mamlakatimizning inson huquqlarini taʼminlash ishiga sodiqligini eʼtirof etdi.

    BMT Bosh kotibining Yoshlar ishlari boʻyicha elchisi Jayatma Vikramanayake oʻz videomurojaatida “Oʻzbekiston hukumatining yoshlar bilan eng oliy darajada doimiy muloqotga boʻlgan astoydil intilishlari va navqiron insonlarni hayotiy qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb etish borasida erishgan yutuqlari yuksak baholashga munosibdir”, deb taʼkidladi.

    J.Vikramanayake qayd etganidek, Oʻzbekiston shiddatli surʼatlarda rivojlanish uchun zarur boʻlgan ulkan salohiyatga ega mamlakatdir. Oʻzining roʻyobga chiqishini kutayotgan ana shu beqiyos salohiyat va azmu shijoat, avvalo, mamlakat aholisining yarmidan koʻpini tashkil etadigan yoshlar — jamiyatning hal qiluvchi kuchga ega aʼzolari timsolida namoyon boʻlmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Bosh kotibning Yoshlar ishlari boʻyicha elchisi jamiyatning zaif guruhlariga mansub yoki ehtiyojmand navqiron xotin-qizlar va yoshlarga alohida eʼtibor qaratishga chaqirdi.

    Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini olqishladi. Uning fikricha, “Oʻzbekiston Prezidenti va milliy parlament rahbariyati Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ulkan koʻlamdagi ishlarni amalga oshirmoqda”.

    Demokratik islohotlarni joriy etishda yoshlar muhim oʻrin tutishiga eʼtibor qaratar ekan, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi “Bugun biz bu borada butun dunyoda, ayniqsa, Oʻzbekistonda beqiyos ijobiy oʻzgarishlar yuz berayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz”, deb taʼkidladi. Bundan tashqari, janob M.Chungong Parlamentlararo Ittifoqning “Biz parlamentda yoshlarni qoʻllab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusi doirasidagi kampaniya boshlanganini eʼlon qildi.

    YEXHTning Bosh kotibi, elchi Xelga Mariya Shmitd BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar huquqlarini taʼminlash borasida ilgari surgan xalqaro va milliy darajadagi bir qator dolzarb tashabbuslarning ahamiyatiga yuqori baho berdi. Elchi X.M.Shmitd mamlakatimizda yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish boʻyicha koʻplab muhim tashabbuslar amalga oshirilayotganini olqishladi va “Yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash Oʻzbekistonning ham, YEXHTning ham umumiy maqsadi hisoblanadi”, deb alohida taʼkidladi.

    Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizoning soʻzlariga qaraganda, Oʻzbekiston oliy rahbariyati va parlamentining yoshlarga munosabati va ularning huquqlarini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari haqiqatan ham yuksak bahoga loyiq.

    Muhammad Rizo yoshlar koʻp jihatdan hali foydalanilmagan ulkan zaxira boʻlib, global muammolarni hal etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarga munosib hissa qoʻshishga qodirligi xususida toʻxtaldi. Shunday ekan, navqiron avlodning jismoniy va maʼnaviy kamol topishiga jiddiy ahamiyat berish hamda aholining ushbu shijoatli qatlamini, ayniqsa, yoshlar koʻpchilikni tashkil etadigan mamlakatlarda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy qarorlar qabul qilish jarayoniga faol jalb etish lozim.

    Osiyo Parlament Assambleyasi Bosh kotibi oʻz nutqida Osiyo taraqqiyot bankining hisobotidan ayrim maʼlumotlarni keltirdi. Bu maʼlumotlarga koʻra, dunyo yoshlarining yarmidan koʻpi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yashaydi. Ana shu yoshlarga mintaqa uchun bebaho boylik va barqaror rivojlanish yoʻlida ulkan marralarni zabt etishning ulkan omili sifatida qaralmoqda.

    YEXHTning Parlament Assambleyasi Prezidenti Margareta Sederfelt Xalqaro yoshlar kunida ish boshlagan butunjahon konferensiyasining diqqatga sazovor dasturini tayyorlagani uchun barcha tashkilotchilarga minnatdorlik izhor qildi. Shuningdek, M.Sederfelt Oʻzbekiston yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish sohasida izchil ish olib borayotganini alohida eʼtirof etdi.

    M.Sederfelt yoshlar koʻplab global daʼvatlarga munosib javob qaytara olishini qayd etdi. Shu maʼnoda, uning fikricha, «Navqiron avlod ongu shuuridagi intilishlarni roʻyobga chiqarish uchun yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishimiz juda muhim».

    YEXHTning Parlament Assambleyasi Prezidenti, shuningdek, MDH mamlakatlari tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro yoshlar hamkorligi strategiyasi haqida soʻz yuritdi. Binobarin, BMTning “Yoshlar-2030” strategiyasi negizida ishlab chiqilgan ushbu strategiya zamirida MDH makonidagi mamlakatlarning samarali tarzda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ilmiy-texnik ravnaq topishini taʼminlashda yoshlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik muhim omil ekaniga doir ilgʻor gʻoya mujassamdir.

    MDH Ijrochi kotibi — Ijroiya qoʻmitasi raisi Sergey Lebedev oʻzining videomurojaatida Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi samarali faoliyatiga va yoshlarga taalluqli xalqaro tashabbuslariga yuqori baho berdi.

    Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Olga Kulayeva COVID–19 pandemiyasi sharoitiga qaramay, Oʻzbekiston tomoni yoshlarga doir muammolar boʻyicha shunday muhim muloqotni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

    O.Kulayeva Oʻzbekistonda bolalar mehnati va qishloq xoʻjaligi sohasida majburiy mehnatga barham berish borasida sezilarli natijalar qoʻlga kiritilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bunda mamlakat hukumati va uch tomonlama ishtirokchilar ayni muammolarni Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy vositalarini qabul qilish orqali hal etishga shayligini qatʼiyat bilan namoyon etgani, shu asosda milliy qonunchilik xalqaro mehnat standartlariga uygʻunlashtirilgani hamda bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi chora-tadbirlar yana-da kuchaytirilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi.

    Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi: mazmun va mohiyat

    “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusidagi yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasi yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiya xalqaro anjuman ishtirokchilari tomonidan:

    birinchidan, pandemiya va undan keyingi davrda yoshlar oldida turgan asosiy muammolarni keng muhokama qilish;

    ikkinchidan, yoshlar oʻz huquqlarini toʻla amalga oshirishlariga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni atroflicha oʻrganish negizida;

    uchinchidan, barcha yoshlarning inson huquqlarini himoya qilish, targʻib etish va amalga oshirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan holda ishlab chiqilganini alohida taʼkidlash lozim.

    Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi muxtasar muqaddima, xotima va 5 ta asosiy qismdan iborat.

    Deklaratsiyaning “Pandemiya va yoshlar” qismida jahon koronavirus inqirozi bilan bogʻliq misli koʻrilmagan global favqulodda holatning guvohi boʻlib turgan murakkab sharoitda pandemiya yoshlarning hayotini oʻzgartirgani, ularni salomatlik, munosib ish va mashgʻulot, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish, shuningdek, ijtimoiy alohida boʻlish va yakkalanishga taalluqli yangi qiyinchiliklarga moslashishga majbur qilgani qayd etilgan.

    Shu munosabat bilan, deklaratsiyada taʼkidlanganidek, “Biz yoshlarni vaksinatsiyalash va davolash, zaif ijtimoiy qatlamlar, jumladan, yosh migrantlar, qochoqlar, ishsizlar, uysizlar, mahbuslarga alohida eʼtibor qaratish bilan bogʻliq muammolarni hal etish uchun yetarlicha mablagʻ ajratilishiga chaqiramiz”.

    “Yoshlar — Barqaror rivojlanish maqsadlarining «drayver”i» nomli ikkinchi qismda islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan yoshlarga oʻz shaxsiy imkoniyatlarini namoyon qilish hamda kelajak avlodlarga munosib dunyoni barpo etish vazifalari ishonib topshirilganini hisobga olgan holda, 5 ta amaliy taklif ilgari surilgan:

    birinchi taklif — Barqaror rivojlanish maqsadlarining yoshlar elchilari lavozimini joriy etish;

    ikkinchi taklif — barcha mamlakatlarda Yoshlar parlamentlarini taʼsis etish;

    uchinchi taklif — Butunjahon yoshlar parlamentlari assotsiatsiyasini tashkil etish;

    toʻrtinchi taklif — milliy yoshlar strategiyalarini qabul qilish;

    beshinchi taklif — davlat organlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar qoshida yoshlar kengashlarini tuzishdan iborat.

    Deklaratsiyaning uchinchi qismi “Yoshlarning taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati” deb nomlangan. Bu qismda asosan Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining amalga oshirilishi boʻyicha milliy (kengash) komissiyalar tuzish, Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha milliy dasturlar (Harakatlar dasturi) qabul qilishning dolzarbligi taʼkidlangan.

    Bugungi kunda yoshlarning ishonchli, xavfsiz, ular uchun qulay, inson huquqlari boʻyicha taʼlim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi imkoniyatini taʼminlash nihoyatda zarur. Shu bois, ayni maqsadga erishish uchun Toshkent Yoshlar deklaratsiyasida Inson huquqlari boʻyicha axborot-resurs markazlari, yaʼni “Inson huquqlari uyi” tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

    “Yoshlar va bandlik” nomli keyingi qismda butun dunyoda yoshlarning ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish, ayniqsa, pandemiya sharoitida ish bilan taʼminlanish masalasida cheklanganini tan olgan holda, yoshlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha milliy harakatlar rejalarini qabul qilish masalasi kun tartibiga qoʻyilmoqda.

    Bundan tashqari, hukumatlar yoshlarda raqamli texnologiyalardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirish sohasida milliy strategiyalarni ishlab chiqish va raqamli iqtisodiyotda innovatsiya, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha qulay sharoitlar yaratishga chaqirilmoqda.

    Nihoyat, Toshkent Yoshlar deklaratsiyasining “Yoshlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari” nomli oxirgi qismida, avvalo, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga kiritiladigan 2 ta muhim taklif ham qoʻllab-quvvatlangan. Bulardan biri — “Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlari” rezolyutsiyasini ishlab chiqish, ikkinchisi — Inson huquqlari boʻyicha kengashning Yoshlar huquqlari masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi lavozimini joriy etishdir.

    Shu bilan birga, deklaratsiyada Oʻzbekistonning 3 ta xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik tashabbusi qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu oʻrinda Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyani qabul qilish, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlar kengashini tashkil etish, Markaziy Osiyo yoshlari forumini oʻtkazish tashabbuslari haqida soʻz bormoqda.

    Tashkiliy ishlar: dalil va raqamlarda

    Butunjahon konferensiyasining asosiy tashkilotchilari Oʻzbekiston Respublikasi hukumati, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hisoblanadi.

    Biz ushbu nufuzli xalqaro anjumanni BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi, BMTning Oʻzbekistondagi jamoasi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va F.Ebert nomidagi jamgʻarma bilan yaqin hamkorlikda oʻtkazdik va bundan mamnunmiz.

    Butunjahon konferensiyasi arafasidayoq tashkilotchilar tomonidan xalqaro anjumanning rasmiy veb-sayti (http://www.youthforum.uz/) ishga tushirildi. Saytda yoshlar huquqlari, inson huquqlariga oid oʻndan ortiq videorolik, rasmiy hujjatlar va adabiyotlar, shuningdek, konferensiya yakuniy hujjatining loyihasi joylashtirildi.

    Konferensiyaning ikki kunlik ishi davomida 67 nafar maʼruzachi soʻzga chiqdi. Shundan 49 nafari xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari hisoblanadi. Milliy maʼruzachilar 18 nafar boʻlib, 10 nafari yoshlardir.

    Xalqaro anjumanning 3 ta yalpi hamda 3 ta parallel sessiyalarida 30 dan ortiq ishtirokchi munozaralarda ishtirok etdi. Ushbu qizgʻin munozara va mushohadalar, oʻz navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

    Konferensiya tafsilotlari 50 dan ortiq milliy va 30 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritildi. Xalqaro anjuman ishi haqida internet va ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Telegram, Instagram, Facebook, Linkedin, Twitter, Vkontakte va boshqa tarmoqlarda ham matnli, foto va videoaxborot tarzida izchil eʼlon qilib borildi. Xalqaro anjumanning ish jarayonlari internetning Yutub (youtube) kanali orqali bevosita jonli efirga uzatildi.

    Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz, mintaqamiz, hatto butun sayyoramiz yoshlarini global harakatlarga jalb qilish yoʻlida Oʻzbekiston tomonidan yana bir dadil qadam qoʻyildi. Bu boradagi saʼy-harakatlarni izchil va uzluksiz davom ettirishda Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi huquqiy dasturulamal vazifasini oʻtashi shubhasiz.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Bugungi kunda koʻpmillatli xalqimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun, Oʻzbekistonning yangi Uygʻonish davrini yaratish yoʻlida belini mahkam bogʻlab, fidokorona mehnat qilmoqda. Bu yoʻlda ulkan orzu-umidlar, katta rejalar bilan safimizga qoʻshilayotgan yoshlarimiz — asosiy tayanchimiz va suyanchimizdir”.

    Akmal SAIDOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

    Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari,

    Inson huquqlari boʻyicha