Navroʻz bayrami mamlakatimizning barcha goʻshalari kabi, koʻp millatli Navoiy viloyatida ham umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki kayfiyatda nishonlandi.
Taʼkidlash joizki, Navroʻz bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama eʼzozlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlari amalga oshirildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat boʻlimi va uning tuman (shahar) boʻlinmalari hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda, xayriya tadbirlari tashkil qilinib 686 oilaga 193 million soʻmlik oziq-ovqat jamlamalari topshirildi. Shundan, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan 640 ta oilaga jami 181 million soʻmlik, Fond mablagʻlari hisobidan esa 46 ta oilaga 12 million soʻmlik oziq-ovqat xarid qilindi.
Viloyatda istiqomat qilayotgan 12 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga bayram sovgʻalari ulashildi.
Zarafshon shahri va Uchquduq tumanlarida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan 51 nafar ehtiyojmand fuqaroga jami 69,8 million soʻm moddiy yordam puli ajratildi.
Shu kunlarda yurtimizda Navroʻz bayrami shukuhi hukm surmoqda. Bu ertangi kunga umid va ishonch yanada mustahkam ekanligidan dalolat beradi.