баннер
19 Mar 2025
05:28

    Navroʻz bayrami munosabati bilan 200 dan ortiq koʻchalar sunʼiy toʻsiladi

    Xalq sayillari oʻtkaziladigan joylarning atrof-hududlari jismonan, texnik va maxsus vositalar bilan toʻliq berkitiladi va kamida 150m uzoqlikda avtoturargohlar tashkil etilib, nazoratga olinadi. Zaruriy holatlarda ayrim koʻcha va yoʻllarda harakatning cheklanishi sababli, aylanma yoʻllar tashkil etiladi.

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi JXD Axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan respublika hududida jami 200dan ortiq obyektlarda bayram tadbirlari oʻtkazilishi belgilangan. Fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, IIV, MG, FVV xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek tibbiyot xodimlari hamda jamoatchilik vakillari safarbar etildi. Bayram tadbirlari oʻtkaziladigan barcha joylarning texnik mustahkamligi, tayyorgarlik darajasi hamkor vazirlik va idoralar bilan mukammal koʻrikdan oʻtkazilmoqda. Tadbir oʻtkaziladigan obyektlarda 600 dan ortiq nazorat oʻtkazish joylari, psixolog xonalari va 140 dan ortiq BIO hojatxonalar tashkil etiladi. Bayram tadbirlari oʻtkaziladigan obyektlar atrofiga videokuzatuv kameralari oʻrnatilib, IIV ning monitoring va muvofiqlashtirish markaziga integratsiya qilingan.

    Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda bayram tadbirlari oʻtkazilishiga hamda ushbu joylardagi nosoz attraksionlar va boshqa oʻyin qurilmalarning ishlatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi nazoratga olingan va har bir tabdir obyektida mahalliy hokimlik, sogʻliqni saqlash va boshqa idora va tashkilotlar vakillarining navbatchiligi tashkil etiladi.

    Bayram tadbirlari oʻtkazilayotgan vaqtda elektroenergiya, gaz, suv, obodonlashtirish va boshqa mutasaddi tashkilotlar har qanday vaziyatga shay holatda boʻlishi hamda tunu-kun navbatchiligi tashkil etilishi belgilangan.

    Shuningdek, bayram munosabati bilan Toshkent shahar hamda respublikamizning barcha yirik shaharlari va tuman markazlarida joylashgan dehqon bozorlari, yirik savdo komplekslari va chakana savdo shoxobchalarida tashkil etilgan “Maxsus yarmarka savdolari“ atrofida jamoat tartibini saqlash va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash choralari tashkil etilgan.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech