Insonning butun hayoti shu muvozanatda o'z ifodasini topadi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Suv va quruqlik, kun va tun, tog'laru yalangliklar o'rtasida ilohiy bir muvozanat bor. Uning boshida yilda bir keladigan Navro'z turadi. Navro'z muvozanati nainki moddiy olamga, ma'naviy hayotimizga, so'z va amallarimizga, uyqu va uyg'oqligimizga ham tegishli. Sohibi qudrat tomonidan yaratilgan jamiki narsalar o'z maqomi va me'yorida saqlanishi zarur.
Inson hayoti davomida buyuk ixtirolar qiladi, moddiy boyliklar yaratadi, dunyoni bezab, o'zi ham bezanadi, o'zi yaratgan narsalardan bahramand bo'ladi. Farzandlari yanada yaxshi yashashi uchun harakat qiladi. Ammo bu harakat ona-tabiatning ishiga noo'rin, xudbinlarcha, tor manfaatlarni ko'zlab aralashish, yo'llarga, daryolarga sun'iy to'siqlar qo'yish degani emas. Oqqan daryo oqmay qolmas deganlaridek, tabiat baribir o'z hukmini o'tkazadi, muvozanatini tiklab oladi. YAqin o'tmishda sodir etilgan bunday aralashuvlar qanday ayanchli oqibatlarga olib kelganini Orol dengizi misolida yaxshi bilamiz. Bunga yana ko'plab misollar keltirish mumkin.
Muvozanat faqat tabiatga emas, insonga ham tegishli. Har bir odam har bir holatda o'ziga o'zi hisob berishi, o'zini o'zi taftish qilishi, yonida xuddi o'zi kabi boshqalar ham borligini, ularda ham ichki «men» tuyg'usi mavjud bo'lib, bu dunyo lazzatlaridan zavqlanish, foydalanish huquqiga egaliklarini tan olishi darkor. Hamma o'z holicha, faqat o'zini o'ylab, turli tomonga ot surmay, bir-birining elkasiga qo'lini qo'yib, ulkan bir halqa bo'lib yashasa, bir-biridan xabardor bo'lsa, bir-birini tushunsa, faqat shundagina dunyo dunyo bo'ladi, muvozanat tarozisi bir tomonga og'ib ketmaydi. Faqat shundagina dunyo dunyolik maqomida turadi, yashash zavqli bo'ladi, umrguzaronlik qilish, yaratish va yangilash mantiqiy ma'no kasb etadi.
Moddiy va ma'naviy bo'hronlarni shu birlik, shu ahil-inoqlik, oliyjanob insoniy fazilatlar bilan engish mumkin. So'ngi uch yildan buyon davom etib kelayotgan koronavirus pandemiyasi degan global ofat butun insoniyatni larzaga soldi. Bunday ulkan falokat jahon miqyosida so'nggi yuz yilda ro'y bermagan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
Bugun dunyoning taraqqiy topgan ko'plab davlatlari ham iqtisodiy tanazzuldan aziyat chekmoqda. Ishchi o'rinlari qisqarib, ishlab chiqarish ko'lami, yalpi ichki mahsulot hajmi pasayib borayotgani bois, oddiy mehnatkashlar hayotida jiddiy muammolar paydo bo'layotir. Bu muammoni ham birgalashib, bamaslahat hal qilish mumkin. SHundagina dunyo halovat beshigiga aylanadi. Bunday beshikda dunyoning o'zi ham orom topadi...
Har gal Navro'z eshik qoqib kelayotganida shu tuyg'ular hayolimdan o'tadi. Bu ulug' tenglashuv zimmasida nechog'li buyuk mas'uliyat mavjudligini his etaman. Navro'z bahoriy kayfiyat, sho'x-shodonliklar, tansiq taomlar, qizaloqlar sochidagi tolpopuklargina emas, u yangi umid, yangi reja, ruhiyatimizdagi yangi tozarish ayyomi hamdir. Navro'z hayot chirog'ining o'chmasligidan, ona zamin buyuk samo bag'rida aylanar ekan, bobo Quyosh mangu nur sochishidan dalolat.
Navro'zda bu donishmand dunyo ko'rkamlik libosiga burkanadi, tabiat uyg'onadi, tuyg'ularimizda ham uyg'onish, tiniqlashish yuz beradi, ko'chalar, hovlilar tartibga keltiriladi. Hosil dalalari etilib ko'pchiydi. Qushlar simfoniyasi, ko'klamoyim qo'shiqlari avjiga chiqadi. Bu ayyomda bir-birimizga ancha mehribon va yaqin bo'lib qolamiz. ezgu niyatlar qilib, bir-birimizni bag'rimizga bosamiz. Gina-kuduratlar unutiladi, qish bo'yi unniqqan xonalarning derazalari ochilib, musaffo havo vujudimizga tsingadi. Doshqozonda sumalak qaynaydi. Qozon atrofida tabarruk onaxonlarga qo'shilib bo'y etgan qizlar, kelinchaklar raqsga tushadilar. Bu munavvarliklar inson qalbiga ko'chadi, qalb bog'larida ham tozarish yuz beradi.
Navro'zni qanday kutib olishimiz, bu tabarruk ayyomga o'zimizni qanday chog'lashimizda gap ko'p. Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning taklifi bilan joriy yil «Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili» nomini oldi. SHu munosabat bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan Davlat dasturida:
inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o'sish sur'atlarini ta'minlash;
adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Shu o'rinda, oilani har jihatdan mustahkamlash, bu borada davlat va jamiyat tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikni yanada kuchaytirish, oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, jismonan sog'lom, ma'naviy etuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalash, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, mahalla mavqeyini ko'tarish, o'sib kelayotgan yosh avlodni buyuk ajdodlarning munosib vorislari qilib tarbiyalashga alohida ahamiyat berildi. Bu erda yana shuni ta'kidlash o'rinliki, dunyoda iqtisodiy bo'hron davom etayotgan bir paytda mamlakatimizda jamiyatning bosh yacheykasi bo'lgan oilani, ayniqsa, ijtimoiy ko'makka muhtoj va yosh oilalarni qo'llab-quvvatlash, kambag'allikni qisqartirish, yangi ish o'rinlarini yaratish, yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrovini kengaytirish kabi biri-birini mantiqan to'ldiruvchi dastur va rejalar qabul qilindi.
Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev sog'liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida e'tirof etilganidek: «Hamma sohalarda bo'lgani kabi tibbiyotda ham barcha masalalarni malakali kadrlar hal qiladi. Bu borada buyuk olim Gippokratning: «Tabobat – barcha ilm va hunarlar ichida eng qiyini va sharaflisi», degan so'zlari ayni haqiqatdir. SHu bois bugun tibbiy ta'lim muassasalari sonini ko'paytirish, ularda chuqur bilim va malakaga, yuksak axloqiy sifatlarga ega bo'lgan kadrlar tayyorlashga alohida e'tibor beryapmiz. Misol uchun, so'nggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning umumiy soni 14 taga etkazildi, qabul kvotasi esa 4 barobar oshdi.
Hududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli ta'minlash maqsadida viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli o'qishga qabul qilish yo'lga qo'yildi, olis va chekka qishloqlarga ishga boradigan bitiruvchilar uchun «Qishloq shifokori» dasturini amalga oshirish boshlandi. Shuningdek, 1,5 ming nafar shifokorlar nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi.
Iqlim va aholining turmush tarzi o'zgarishi (kam harakatlilik, noto'g'ri ovqatlanish) oqibatida dunyoda asab tizimi, yurak-qon tomir, diabet kasalliklari tobora ko'payib bormoqda. Mamlakatimizda ham, afsuski, har yili shunday kasalliklarga uchragan yuz minglab bemorlar qayd etilmoqda. Lekin tuman kasalxonalarida bunday kasalliklar bo'yicha yotib davolanadigan bo'limlar yo'qligi sababli bemorlar viloyat va respublika shifoxonalariga borishga majbur bo'lmoqda.
endi ana shu kasalliklar bo'yicha aholining o'zi yashayotgan joyda ixtisoslashgan tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi. Jumladan, 2022 yilda tuman markaziy shifoxonalaridagi o'rinlarning 10 foizi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilib, byudjetdan moliyalashtiriladi. Bu ko'rsatkich 2023 yilda 20 foizga etkaziladi».
Bu vazifalar, Prezidentimizning ko'rsatmalari, eng avvalo, inson farog'ati, salomatligi, oilalarning mustahkamligi, hayotimizning tinch-totuvligi, aziz farzandlarimizning kamoli uchunligini his etib, ko'nglimiz tog'dek ko'tariladi.
Shu kunlarda kattayu kichik barcha yurtdoshlarimiz bag'rini keng ochib, bahor, yasharish va yangilanish ramzi bo'lmish Navro'z ayyomini «Xush kelibsan o'lkamizga, Navro'zi olam!» deb, shodu xurramlik bilan kutib oldi. «Nima uchun biz Navro'zni doimo sog'inib, intizorlik bilan kutamiz? Nima uchun bu sana barchamiz uchun eng sevimli, eng ardoqlaydigan bayramimizga aylanib qolgan?», degan savol berilishi tabiiydir.
Buning sababi, Navro'zi olam biz uchun eng qadimiy, asl milliy, turli mafkura va siyosatlardan holi, urf-odatlarimizga va qadriyatlarimizga javob beradigan bayram, ekanligidadir. Nega deganda, Navro'z o'z ruhi va g'oyalari bilan har qaysi inson ona zaminning, tabiatning ajralmas uzviy qismi ekanini, tabiatning naqadar go'zal ekanini his qilib, uni e'zozlab, hamnafas bo'lib yashashga undashi bilan bizga qadrlidir.
Ayni shu betakror va dilbar faslda ko'klam nafasi va mayin shabadalar kirib kelishi, kurtaklarning ochilishi bilan inson vujudiga bahor nashidasi yugurgandek bo'ladi. Barchamiz o'zimizni yasharib ketgandek, kuch-quvvat, g'ayrat va shijoatga to'lgandek sezamiz, o'zimizni tabiatning uzviy va ajralmas qismi deb his qilamiz. Aholimiz, qaysi millat va elat vakili bo'lishidan qat'i nazar, bayramona kayfiyatga berilib, bu ajoyib ayyomni katta shodu xurramlik bilan o'tkazadi, bunday damlarda nafaqat tanish, balki notanish odamlarni ham qutlab, bag'riga bosib, sog'lik, baxtu saodat va omad tilashi hech kimni befarq qoldirmaydi.
Shu borada bir faraz qilaylik: agarki, bugungi kunda xalqaro maydonda tobora avjiga chiqayotgan keskinlashuv, mojaro va qarama-qarshiliklarni, hali-beri davom etayotgan qon to'kishlarning oldini olish, paydo bo'layotgan muammolarni faqatgina tinchlik va siyosiy muzokaralar yo'li bilan hal qilishga qaytilsa olam guliston bo'lardi. Agarki shu kunlarda ko'pni ko'rgan, qancha-qancha sinovlarni boshidan kechirgan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragining to'rida saqlab keladigan, mehr-oqibatli xalqimizdan, sharqona yangi yil kirib kelishi arafasida turib, yangi yilda sizning eng ezgu niyatlaringiz nimalardan iborat, deb so'rasa, xalqimiz, hech ikkilanmasdan, bizga tinchlik, sog'lik, baxt, saodat, omad va omonlik kerak, deb javob berishi muqarrar.
Bunday yakdillikning sababi va ildizlarini avvalo bizning qadimiy tariximiz, ko'p qirrali buyuk madaniyatimizda, umumbashariy taraqqiyotga o'chmas hissa qo'shgan ulug' olim va mutafakkirlarimiz qoldirgan bebaho merosda, ona yurtimiz ko'p zamonlar davomida bilim, ma'naviyat va ma'rifat markazi bo'lib kelganida ko'rish mumkin. Buning ustiga, azal-azaldan xalqimizga mansub bo'lgan olijanoblik, bag'rikenglik, odamiylik va mehribonlik, muhtoj bo'lganlarni qo'llab-quvvatlash, keksalarning duosini olish, etim-esirlarning boshini silash kabi savob ishlarni bajo keltirishda bunday xususiyat va alomatlar aholimizning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgani hech kimga sir emas.
Bularning barchasi asrlar mobaynida avloddan-avlodga o'tib, boyitilib, oxir-oqibatda ezgu insoniy tushunchalarga aylanib, xalqimizning ma'naviy va amaliy dunyoqarashi uchun mustahkam poydevor bo'lgan. Tabiiyki, bunday olijanob, noyob xususiyat va fazilatlarga ega bo'lgan, pok orzu-intilishlar bilan yashayotgan, o'zi uchun, yurti va xalqi uchun tinchlik va omonlikni, musaffo osmonni istaydigan xalqimiz, hech shubhasiz, yaqin va uzoq qo'shnilari bilan o'z munosabatlarini o'zaro hurmat, do'stlik, hamjihatlik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida quradi.
Va yurtimizni, aholimizni har qanday balo-qazolardan omon saqlashni o'zining muqaddas burchi deb biladi. So'ngi yillarda shiddat bilan o'zgarib, tobora murakkablashib borayotgan davr barchamizning, birinchi navbatda, tayanchimiz va suyanchimiz bo'lmish yoshlarimizning oldiga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, intellektual bilimlarni chuqur egallash, shu bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydonda raqobatdoshligini yangi bosqichga ko'tarish, iqtisodiyotimizni yangilash, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, bularni taraqqiyotimizning lokomotiviga aylantirish kabi vazifalarni qo'ymoqda. Ayni shu ulkan dolzarb maqsadlarga erishish yo'lida Vatanparvar, yurtparvar, iqtidorli yoshlarimiz xalqimiz, Vatanimizning ishonchini oqlashga qodir ekaniga albatta ishonamiz.
Hademay yurtimizga Navro'z kirib keladi. Bu qutlug' bayram ma'naviy hayotimizning mazmuniga aylanib borayotir. Navro'z taronalari janubiy viloyatlarimizda boshlanib, butun mamlakatni, qalblarimizni qamrab oladi. Bu bayramda qilingan ezgu niyatlar, keksalarimizning duolari ijobat bo'lsin, mustaqil Vatanimiz yanada fayzli va ko'rkam bo'lib boraversin. Tinch-totuvligimizga ko'z tegmasin.
Xudoyor Mamatov,
yuridik fanlari doktori, professor