Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navroʻznoma”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarida keltirilgan tarixiy maʼlumotlarga murojaat qiladigan boʻlsak, Navroʻz bayramining 3 ming yildan oshiq tarixga ega ekanligiga guvoh boʻlamiz. Bu oʻrinda Navroʻz bayramining paydo boʻlishi quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi kabi qator tabiat qonuniyatlari bilan bogʻliq. Bu esa mazkur bayram chuqur ilmiy asoslarga ham ega ekanligini koʻrsatadi.
Milliy qadriyatlarimizning yorqin namunasi boʻlgan Navroʻzni umumxalq bayrami sifatida nishonlash mamlakatimiz mustaqilligi arafasida qayta tiklandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 1990-yil 3-maydagi Farmoniga muvofiq Navroʻz umumxalq bayrami, 21-mart esa dam olish kuni deb eʼlon qilindi.
Keyingi yillarda ushbu bayramni mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlash anʼanaga aylandi. Amalga oshirilayotgan islohotlar esa ushbu bayramga yangicha ruh bagʻishlamoqda. Bu oʻrinda Toshkent shaxrida “Navroʻz” bogʻi foydalanishga topshirilganligi alohida eʼtiborga loyiq. Chunki aynan bunday bayram nishonlanadigan maskan birorta boshqa mamlakatda mavjud emas.
Navroʻz bayrami – yangilanish fasli nafaqat Oʻzbekistonda, balki, Afgʻoniston, Albaniya, Bahrayn, Eron, Hindiston, Iroq, Livan, Ozarbayjon, Pokiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Suriya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston kabi davlatlarda ham keng nishonlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlab oʻtganidek “Navroʻz oʻzining oʻlmas ruhi, umuminsoniy gʻoyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur oʻrin egallamoqda”. Jumladan mazkur bayram 2009-yil 30-sentyabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meroslar roʻyxatiga kiritildi.
2010-yilning 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida esa 21-mart “Xalqaro Navroʻz kuni” deb eʼlon qilindi. Qabul qilingan rezolyutsiyada Navroʻz bayrami turli xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar va oʻzaro hamjihatlikni ragʻbatlantirish, oʻzaro birdamlik, qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlari, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlab oʻtilgan. Bu oʻrinda BMTning sakkizinchi Bosh kotibi Pan Gi Mun ham “Ishonamanki, jahon ahli bu kunni alohida qayd etadi. Zero, dunyoda turli oʻzgarishlar, inqiroz va urushlar boʻlishiga qaramay, ushbu bayram anʼanalari nishonlanadigan mamlakatlarda Navroʻz ruhi sira yoʻqolmadi”, – deya mazkur bayram haqida oʻz fikrini bildirib oʻtganligi alohida eʼtiborga loyiq.
Navroʻz anʼanalarini qayta tiklash va asrab-avaylash oʻzbek halqining madaniy-tarixiy merosiga boʻlgan chuqur hurmatni anglatadi. Shu bilan birga, bugungi avlodning ushbu qadimiy bayramning atrof-muhit bilan uygʻun holda yashashga intilishni mujassam etgan gʻoyalari va qadriyatlariga sodiqligini yorqin ifoda etadi.
Shu oʻrinda mazkur bayramning jamiyat hayotidagi ahamiyatini quyidagilarda koʻrish mumkin.
Birinchidan, Navroʻz asrlar davomida shakllangan anʼana va qadriyatlarni saqlash va kelajak avlodga yetkazishga katta hissa qoʻshadi. Bu oʻrinda ushbu bayram keng nishonlanadigan davlatlar tomonidan Navroʻzning kelib chiqish tarixi, u bilan bogʻliq boʻlgan anʼana va qadriyatlarning chuqur oʻrganilishi va dunyo miqyosida keng targʻib qilinishi insoniyatning nomoddiy madaniy merosining yana-da boyishiga olib keladi.
Ikkinchidan, umumxalq bayrami birdamlik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlarni kuchaytirish va insonlarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, tinchliksevarlik, mehr-shafqatlilik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Uchinchidan, yangilanish fasli turli xalqlar oʻrtasidagi madaniy sohadagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish va ularni oʻzaro yaqinlashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Oybek Kamilov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi