“Oʻzagroinspeksiya”ning Narpay tuman boʻlimi tomonidan joriy yilning toʻrt oyi davomida 110 marotaba nazorat monitoring tadbirlari olib borildi.
Oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida suvdan foydalanish qoidalarini buzganligi uchun 20 nafar jismoniy shaxslarga nisbatan tegishli jarima choralari tayinlanib, jami 4 million 856 ming soʻm pul mablagʻlari davlat hisobiga undirildi.
Qishloq xoʻjaligida suvdan oʻzboshimchalik bilan xoʻjasizlarcha foydalanib, suvni meʼyoridan ortiqcha olib, shartnoma tuzmasdan foydalanib kelayotgan 5 nafar fuqarolarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar hisoblanib undirildi.
Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazish davomida 82 nafar fermer xoʻjaliklari rahbarlariga nisbatan kelgusi ish faoliyatlarida, qishloq xoʻjaligi yerlarida sugʻorish va suvdan oqilona foydalanish ishlarini toʻgʻri tashkil etish va qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida ogohlantirish berildi.
Shuningdek, Inspeksiyaning Narpay tuman boʻlimi tomonidan 3 ming 115 gektar yer maydonida suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish yuzasidan jiddiy nazorat oʻrnatilgan. Hozirgi vaqtda 2 ming 610 gektar paxta, 400 gektar uzumchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklari, 40 gektar bogʻ hamda 65 gektar boshqa yoʻnalishdagi fermer xoʻjaliklariga suv tejamkor uskunalar joriy etilishi yuzasidan rekonstruksiya-taʼmirlash ishlari yakunlanmoqda.
Agroinspeksiyaning hududiy boshqarma va boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligida islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonunlar ijrosi yuzasidan nazorat yanada kuchaytirilib, bu yoʻnalishda aniqlangan har bir qonunbuzilishga nisbatan qatʼiy chora koʻriladi, ularni bartaraf etish va oldini olishning barcha imkoniyatlaridan foydalaniladi.
E.Joʻraqulov,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Narpay tumani boʻlimi
katta inspektori