Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) quyidagilarni taʼminlash topshirildi:
- savdo obyektlarida sotiladigan xalq isteʼmoli tovarlari sifati va xavfsizligini belgilangan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan tizimli ravishda oʻrganishlar oʻtkazilishini;
- nazorat xaridlari qonuniylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, tenglik va shafforlik prinsiplariga asoslangan holda amalga oshirilishini.
“Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari Agentlikka nazorat xaridi doirasida amaliy yordam koʻrsatishi lozim.
Nazorat xaridi tadbirlarini oʻtkazish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
- Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadigan va Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan nazorat xaridi tadbirini oʻtkazish rejasi;
- ommaviy axborot vositalaridan kelib tushgan maʼlumotlar hamda belgilangan tartibda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida jamoatchilik fikrini oʻrganish natijalari;
- qonunda belgilangan tartibda jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlardan kelib tushadigan axborotlar va murojaatlar;
- Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi yoki Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining topshiriqlari.
Hujjat bilan Chakana savdo obyektlarida xalq isteʼmoli tovarlarining nazorat xaridini tashkillashtirish va ularni ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Nizomda quyidagilar belgilandi:
- nazorat xaridi tadbirlarini oʻtkazishni rejalashtirish tartibi;
- nazorat xaridini amalga oshirish tartibi;
- xalq isteʼmoli tovarlarining ekspertizadan (testdan) oʻtkazish tartibi;
- nazorat xaridini moliyalashtirish tartibi;
- nazorat xaridi va xalq isteʼmoli tovarlarini testdan qtkazish natijalari ustidan shikoyat qilish tartibi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 9.02.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.