Bu haqda «Oʻzbekneftgaz« AJ Axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Jamiyat boshqaruv raisi A. Sanginov raisligida neft bazalari rahbarlari va masʼul mutaxassislar ishtirokida tanqidiy-tashkiliy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda 2025-yil davomida bajarilgan ishlar tahlil qilinib, tizimda yigʻilib qolgan muammolar ochiq muhokama qilindi hamda 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Yigʻilishda neft bazalari faoliyatini barqarorlashtirish, moliyaviy va boshqaruv intizomini kuchaytirish, mavjud aktivlardan oqilona foydalanish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ish haqlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Aholiga xizmat koʻrsatishda shaffoflik, halollik va ochiqlik prinsiplariga qatʼiy rioya etish, sifatli neft mahsulotlarini uzluksiz va barqaror yetkazib berish neft bazalari faoliyatining asosiy mezoni boʻlishi shartligi taʼkidlandi.

Tahlillar natijasida neft bazalarining joriy holati qoniqarsiz ekani, mahsulot sotish jarayonlarida samarali va ochiq mexanizmlar yoʻlga qoʻyilmagani qayd etildi. Ayniqsa, 2025-yil davomida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldidagi qarzdorlikning keskin oshgani, xodimlar faoliyati ustidan nazorat yetarli darajada taʼminlanmagani jiddiy tanqid ostiga olindi.

Maʼlum boʻlishicha, neft mahsulotlarining oldindan toʻlovsiz yetkazib berilishi oqibatida 2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra isteʼmolchilarning neft bazalari oldidagi qarzi 322,5 mlrd soʻmga yetgan. Ushbu summaning 243,2 mlrd soʻmi yoki 75 foizi qishloq xoʻjaligi korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Aslida bunday tartibda mahsulot realizatsiya qilish mumkin emasligiga qaramasdan, qarzdorlikni undirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmagan. Eng tashvishli jihati — qishloq xoʻjaligi korxonalariga berilgan qarzning 158 mlrd soʻmi, yaʼni 65 foizi umidsiz qarz sifatida baholanmoqda.

Olib borilgan oʻrganishlar yakuniga koʻra, yil davomida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan Termiz, Jizzax, Maroqand, Kuchlik va Toʻraqoʻrgʻon neft bazalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Shuningdek, koʻplab neft bazalarida mavjud sigʻimlar toʻliq ishlatilmayotgani, ayrim obyektlar faoliyatsiz holda turgani sababli ortiqcha xarajatlar yuzaga kelayotgani va bu holat moliyaviy natijalarga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani tanqid qilindi. Yer uchastkalarini konservatsiya qilish boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi.

Rahbarlarning qoʻshimcha daromad manbalarini yaratishda tashabbuskorlik koʻrsatmagani, boqimandalik kayfiyati saqlanib qolayotgani ham salbiy holat sifatida baholandi.

Talon-tarojlik va qonunbuzarliklarni kamaytirish maqsadida sohada raqamlashtirish boʻyicha xorijiy ilgʻor tajribalarni oʻrganib, milliy modelni joriy etish taklifi ilgari surildi. Raqamli nazoratni joriy etish yagona samarali yechim ekani taʼkidlanib, 2026-yilga moʻljallangan avtomatlashtirish va barcha neft bazalarini Jamiyatning Markaziy dispetcherlik xizmatiga integratsiya qilish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, neft bazalarida komplayens xizmatlari faoliyati ham qoniqarsiz deb topildi. Endi xodimlarning KPI koʻrsatkichlari aniqlangan kamchiliklardan kelib chiqib belgilanadi.

Yuzaga kelgan holatni hisobga olgan holda, “Dolzarb 100 kunlik” chora-tadbirlar doirasida neft bazalarida “favqulodda holat” eʼlon qilindi. Ularni sogʻlomlashtirishga qaratilgan kechiktirib boʻlmas kompleks dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Unda talon-tarojlikka barham berish, soliq yukini kamaytirish, mahsulot realizatsiyasini oshirish va debitor qarzdorlikni qisqartirish asosiy vazifalar sifatida belgilab olindi.

Belgilangan chora-tadbirlarning pirovard maqsadi — xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ish haqlarini oshirish orqali halol mehnatga ragʻbat uygʻotish va “halollik vaksinasi”ni amaliyotga tatbiq etishdan iborat. Sifatli mahsulot yetkazib berish har bir xodimning shaxsiy masʼuliyatiga aylanishi lozimligi alohida taʼkidlandi.