Anjumanda 28-29-may kunlari Bolgariyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkazilgan xalqaro turnir yakunlari hamda Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil etiladigan navbatdagi musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari xususida soʻz yuritildi.
Tadbirda taʼkidlandiki, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Bosh prokuratura hamda qator tashkilotlar hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun musobaqalari xorijiy davlatlarda oʻtkazib kelinmoqda.
Dastlabki musobaqa shu yil 8-9-may kunlari Germaniyaning Franfurt-Mayn shahrida, navbatdagisi esa 28-29-may kunlari Bolgariyaning Burgas viloyati Ruin shaharchasida tashkil etildi. Mazkur musobaqaning sovrin jamgʻarmasi 25 ming yevrodan iborat boʻldi.
Taʼkidlash joizki, Bolgariyada 5 vazn toifasida boʻlgan musobada yurtimiz shaʼnini atigi 2 nafar polvon himoya qildi.
— Aslida oʻzbek kurashchilarini musobaqaga yuborish niyatimiz yoʻq edi, — deydi Oʻzbekiston kurash federatsiyasi bosh mutaxassisi Olimjon Hayitov. — Maqsadimiz milliy brendimiz — kurashni dunyoga targʻib qilish boʻlgani uchun koʻproq chet ellik sportchilar ishtirokini taʼminlashdir. Polvonlarimiz ularga kurashimizning nozik jihatlarini oʻrgatishlarini hisobga olgan holda Oʻzbekistondan 1 nafar ayol va 1 nafar erkak kurashchi yuborildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun navbatdagi xalqaro turnir shu yilning 26-iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil etiladi.
Zebuniso Orziqulova,
OʻzJOKU