Xoʻsh, buning asosiy sabablari nimada? Pnevmoniya yosh bolalarda qanday kechadi? Belgilari va davolash usullari nimalardan iborat?
SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi bolalar bosh pulmonologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat SHAMSIYEVga murojaat qildi. (1-qism)
— Soʻnggi paytlarda bolalar oʻrtasida pnevmoniyaga chalinish holatlari koʻp kuzatilmoqda. Buning asosiy sabablari nimada? Dastlab shu haqida aytib oʻtsangiz.
— Darhaqiqat, bu yil yurtimizda yosh bolalar oʻrtasida pnevmoniyaga chalinish holatlari soni birmuncha ortdi. Buni esa butun dunyodagi pandemiya holati, qolaversa, “COVID-19” infeksiyasining yangi shtammlarining paydo boʻlishi va bu shtammlar bevosita bolalarda ham koʻp uchrayotgani bilan bogʻlash mumkin.
Bundan tashqari, bolalarda oʻpka kasalliklarining ortishiga yana bir qancha omillar sabab boʻlmoqda. Jumladan, havo-tomchi yoʻli orqali yuqadigan virusli infeksiyalar koʻpaygan vaqtda bolani shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmasligi, himoyalovchi vositalarni toʻgʻri ishlatmasligi ularning ushbu xastaliklar bilan kasallanishiga olib kelmoqda.
Shu bilan birga, ota-onalar tomonidan farzandini uy sharoitida gripp va oʻtkir respirator kasalliklardan oʻzboshimchalik bilan davolashi, bemor boʻlsa-da oʻgʻil-qizlarini bogʻcha yoki maktabga yuborishi va bu orqali boshqa sogʻlom bolalarga infeksiyani yuqtirishga sharoit yaratishi, bolada surunkali infeksiya oʻchoqlarini vaqtida bartaraf etilmasligi, notoʻgʻri ovqatlantirish, bolaning ruhiy zoʻriqishi, jismonan chiniqmaganligi, kam harakatligi, uzoq vaqt yopiq xonalarda oʻtirishi hamda virusli kasalliklar epidemiyasi vaqtida vaksinatsiya qilinmasligi ham kasallanishlar soni ortishiga sabab boʻlyapti.
— Pnevmoniya bolalarda qanday kechadi? Belgilari, tashxis va davolash usullari haqida batafsil maʼlumot bersangiz.
— Pnevmoniya kattalarga nisbatan bolalarda bir muncha ogʻirroq kechadi. Sababi, ularda immun tizimi yaxshi rivojlanmagan, shu bois ham bolalarda tana harorati koʻtarilmasligi mumkin. Bunday holatlarda ota-onadan ziyraklik talab etiladi.
Shuningdek, bolalarda mukotsiliar klirens yaxshi rivojlanmagani hisobiga, unda dastlab quruq yoʻtal, soʻngra, infeksiyaning tezda oʻpkaga oʻtish holatlari kuzatiladi. Oʻpka auskultatsiyasida quruq va nam xirillashlar eshitiladi.
Bolada ushbu kasallik alomatlari aniqlanganda albatta shifokorga murojaat etish shart. Chunki pnevmoniya kasalligi OʻRVIga nisbatan uzoq davom etadigan kasallikdir.
Oʻpkadagi yalligʻlanish jarayonini aniqlash maqsadida turli xil tekshiruvlar olib boriladi: qon, siydik tahlili, qonda S-reaktiv oqsil, prokalsitoninni aniqlash, koʻkrak qafasining rentgenografiyasi shular jumlasidandir.
Pnevmoniya kasalligida qoʻllaniladigan dori vositalari turli va murakkab xarakterga ega boʻlib, xastalikning sabablarini yengishga (etiotrop terapiya), kasallik alomatlarini yoʻqotishga (simptomatik terapiya), shuningdek, tana aʼzolari tizimini tiklashga (yordam beruvchi terapiya) qoʻllaniladi.
Shu bilan birga, kasallikni davolash uchun gipoallergen parhez, kislorod terapiya, havoni namlantirish va xonani shamollatish, vitamin D, immunotsink, virusga qarshi, mukolitik va balgʻam ajratuvchi dori vositalari, koʻrsatmaga binoan antibakterial davo, periferik qon aylanishni yaxshilovchi dorilar, ogʻir holatlarda immunoglobulin G kabi mulojalar olib boriladi.
Muayyan kasallikni davolash uchun dori vositalari individual tanlanadi va bemorning tashxisiga, umumiy ahvoliga qarab faqat shifokor tomonidan belgilanadi.