Nashr Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlarga tayanib milliy iqtisodiyotning hozirgi holati toʻgʻrisida maʼlumot berarkan, joriy koʻrsatkichlarni oʻtgan yilning 2-choragi bilan taqqoslaydi. Xususan, isteʼmol tovarlari va dori-darmonlar importining qisqarishi, muhojirlarning pul oʻtkazmalari, tovarlar va xizmatlar eksporti, byudjet daromadlari, ishsizlikning oʻsishi qayd etilgan.

Taʼkidlanishicha, hozirgi vaqtda tiklanish siyosatining ustuvor yoʻnalishlari strategik tarmoqlarni, kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash, Davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash, aholining dori-darmonga boʻlgan ehtiyojini qondirish hisoblanadi.

Xususan, Prezident farmoniga muvofiq biznesni qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilib, ularga 3,7 trillion soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi. Korxonalarning homiylik va xayriya mablagʻlarini samarali taqsimlashga qaratilgan “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakati doirasida 101 mingta korxona 361 mingdan ortiq oilalarga ijtimoiy yordam koʻrsatdi.

Davlatning muhim vazifalari qatoriga jamoat tartibi va bozor infratuzilmasini saqlash, kapital, ishchi kuchi, tabiiy resurslar mavjudligini taʼminlash, uzluksiz davlat xizmatlarini koʻrsatish, jamiyatning maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarini qoʻllab-quvvatlash kiradi.

Maqolada taʼkidlanishicha, bugungi kungacha respublikada Prezidentning pandemiyaning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish toʻgʻrisida 12 ta farmon va qarorlari qabul qilingan. Shu bilan birga, global iqtisodiyotning rivojlanishida yuqori darajadagi noaniqlik mavjudligini hisobga olib, davlat tomonidan voqealar rivojiga pragmatik javob koʻrinishida qoʻshimcha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.