Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘zining betakror iste’dodi, bilim  va mahorati bilan el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan san’at ustalari va yosh ijrochilarga, barcha soha xodimlariga fidokorona mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada sohaning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanib, xodimlarning ijodiy mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.

Teatr, kino, muzey va madaniy tadbirlar, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati izchil yaxshilanmoqda.

Zamonaviy boshqaruv mexanizmlari joriy etilib, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi ijodiy loyihalar, raqamli texnologiyalar va ilg‘or tajribalar amaliyotga tatbiq etilayotgani, madaniy kontent yaratish ko‘lami kengayib borayotgani madaniyat muassasalari faoliyatida samaradorlik va jozibadorlikni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey, 20 ta musiqa va san’at maktabi hamda ushbu yo‘nalishda 5 ta oliygoh tashkil etildi, ko‘plab muassasalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, 125 ta tarixiy-madaniy meros obyektida ularni asrash va tiklash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan yili tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qildik. Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishi boshlandi.

Joriy yilda esa Markaziy ko‘rgazmalar zali, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondining binosi, Pavel Benkov nomidagi rassomlik maktabida qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Yana bir muhim jarayon – o‘zbek madaniy diplomatiyasi izchil rivojlanmoqda. Nufuzli xalqaro forumlar, tanlovlar, festivallar hamda madaniyat kunlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan yili Samarqand shahrida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining sessiyasi, Buxoroda Birinchi xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi, Nukusda Orol madaniyati sammiti, Xorazmda Turkiy dunyo madaniyat forumi, Toshkentda esa Markaziy Osiyo va Ozarbayjon madaniyat vazirlarining birinchi uchrashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.

Eng muhimi, Vatanimizning san’at sohasida xalqaro jarayonlardagi ishtiroki kengayib, nufuzi ortib bormoqda.

O‘zbekistonlik san’atkorlarning Yevropadagi nufuzli madaniyat maskanlaridagi chiqishlar xorijlik san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.  Bu haqda so‘z yuritganda, Avstriyaning Zalsburg shahridagi Grosses Festspielhaus sahnasida O‘zbekiston Milliy baleti guruhi tomonidan «Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi» baleti namoyish etilganini ta’kidlash lozim.

Shu yil 9-aprelda yana bir yirik san’at maskani – Musikverein sahnasida Sohibqiron Amir Temur bobomizning 690 yillik tavallud sanasiga bag‘ishlangan musiqali opera asarining taqdimoti o‘tkazildi.

Milliy kino san’atimizni rivojlantirish, xususan, “Tirik tarix” turkumida g‘oyaviy va badiiy yuksak asarlar yaratish borasidagi ishlar dastlabki natijalarni bermoqda. O‘tgan yili davlat buyurtmasi asosida 123 ta kinofilm tayyorlanib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

O‘tgan yilning o‘zida sohada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan 35 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlandi. Madaniyat muassasalari xodimlari ish haqi o‘rtacha 35 foizga oshirildi. Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev, yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi mukofotlar hamda mahalliy va xorijiy ijodkorlar uchun “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti taqdim etib kelinmoqda.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugungi kunda madaniyat va san’at sohasini ma’naviy tarbiya vositasi va kreativ iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida rivojlantirish, ijodiy industriyani qo‘llab-quvvatlash, madaniy xizmatlar bozorini taraqqiy ettirish, san’at mahsulotlari eksportini kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Yangi tashkil etilayotgan Kreativ industriya parki ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi. Biz bu borada katta marra olib, 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazamiz.

Albatta, bu ulkan reja va tashabbuslarni amalga oshirishda siz, jonkuyar va fidoyi insonlarning o‘rni beqiyosdir. Sizlarning bilimingiz, tajribangiz va ijodiy salohiyatingiz milliy madaniyatimizni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonchim komil.

Biz bundan buyon ham sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va texnik xodimlar mehnatini munosib qadrlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti