Jadidlar milliy davlatchilik poydevorini yaratish, yurtning huquqiy va ayniqsa, iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash yoʻlida ham ulkan tarixiy ishlarni amalga oshirish yoʻlida jon fido qildilar.

Ana shunday buyuk millat fidoyilaridan biri, qatagʻon qurboni — Abdurauf Fitratdir. Koʻpchilik Fitratni mutafakkir, shoir, dramaturg va maʼrifatparvar sifatida yaxshi biladi. Uning badiiy va ilmiy merosi maktab darsliklaridan mustahkam oʻrin olgan. Ammo milliy davlatchiligimiz, xususan, iqtisodiyot va moliya tizimini yaratishdagi ulkan xizmatlaridan hamma ham xabardor emas.

Tarixiy manbalarga koʻra, Abdurauf Fitrat 1921–1922-yillarda Buxoro Xalq Respublikasining yuqori rahbarlik lavozimlarid, jumladan, yurtning iqtisodiy poydevorini mustahkamlashga bosh-qosh boʻlib, Xalq xoʻjaligi va iqtisodiy rivojlanish kengashi rahbari, Hukumat plan va smeta tashkiliy hayʼatining raisi kabi eng masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Ushbu davrda u oʻz vakolatlari va davlat mablagʻlaridan eng strategik maqsadlarda — millat kelajagi uchun foydalana oldi. Xususan, aynan Fitratning tashabbusi va moliyaviy qoʻllab-quvvatlovi bilan 70 nafar turkistonlik iqtidorli yoshlar davlat hisobidan Germaniyaga oʻqishga yuborildi. Shuningdek, noyob ilmiy qoʻlyozmalarni toʻplash va yangi maktablar tashkil etishga katta eʼtibor qaratildi.

Ta’kidlash joizki, moliyaviy barqarorlikka erishish va mablagʻlarni kelajak avlod taʼlimiga yoʻnaltirish kabi ulugʻ gʻoyalar bugungi kunda oʻzining chinakam ifodasini topmoqda. Soliq tizimi orqali budjet tushumlarini taʼminlab, yurtimiz iqtisodiyotini mustahkamlash yoʻlidagi har bir qadam, shubhasiz, Fitrat kabi millat fidoyilarining ozod va farovon Vatan haqidagi ezgu maqsadlariga hamohangdir.

Millatparvar ajdodlarimizning davlat boshqaruvi va iqtisodiyot sohasidagi buyuk merosini oʻrganishda davom etamiz!

A’zamjon ABULFAYZOV