Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Yuz.uz‘ga ma’lum qilishicha, Latviya O‘zbekiston fuqarolariga vizalar berishni vaqtincha to‘xtatish masalasi ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqalishi bilan O‘zbekiston tomonidan tegishli diplomatik choralar ko‘rilgan.
Jumladan, O‘zbekistonning Rigadagi Elchixonasi tomonidan Latviya Bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari, shuningdek, Prezident Administratsiyasi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilgan. Shuningdek, TIV Konsullik-huquqiy departamenti Latviyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi bilan muloqotlar olib borgan.
Muzokaralar davomida Latviya tomoniga taklif etilayotgan choralarining ikki tomonlama munosabatlarga ehtimoliy ta’siri yuzasidan O‘zbekistonninng pozitsiyasi yetkazilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida Latviya tomoni mavjud holatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan yoki xorijga chiqishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
Vazirlik fuqarolarni borgan mamlakat qonunchiligiga qat’iy rioya qilish, milliy urf-odat va an’analarni hurmat qilish hamda o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.
«Ayrim shaxslarning qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yishi nafaqat ularning o‘zlariga, balki xorijda qonuniy asosda o‘qib, ishlab, sayohat yoki istiqomat qilib yurgan boshqa fuqarolarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — dedi Omonulla Fayziyev.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.