Bugun mamlakatning mustaqilligi uning iqtisodiy imkoniyatlari, ilmiy salohiyati, texnologik taraqqiyoti, inson kapitali, shuningdek, taʼlim tizimi, boshqaruv sifati va jahon iqtisodiyotida munosib oʻrin egallay olishi bilan ham belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, istiqlolimizning muborak 35 yilligi nishonlanayotgan ayni kunlar biz uchun yangi savollarni oʻrtaga qoʻyadi.

Oʻttiz besh yilda qanday davlat barpo etdik? Qanday iqtisodiy salohiyat yaratildi? Taʼlim tizimi, ilm-fanning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni qay darajada oʻzgardi? Inson kapitaliga munosabat qanday yangilandi? Yoshlarning bilim va kasbiy imkoniyati qay darajada kengaydi? Oʻzbekistonning dunyodagi iqtisodiy va intellektual mavqeini yanada mustahkamlash uchun qaysi vazifalarni hal etishimiz kerak? Savol koʻp, javob ham bor. Asosiysi, ular mustaqillikni mazmunan anglash uchun juda muhim.

Mustaqillik, avvalo, insonning, jamiyatning, davlatning oʻz yoʻlini mustaqil belgilash qobiliyatidir. Biz ana shu imkoniyatni yangi sifat bosqichiga olib chiqish vazifasi bilan yuzma-yuz turibmiz. Zamonaviy dunyoda tabiiy resurslar, geografik mavqe yoki ishlab chiqarish quvvatlari muhim ahamiyatga ega. Ammo uzoq muddatli taraqqiyotning asosiy omili bilim, malaka va ijodkorlik salohiyatidir.

Soddaroq qilib aytganda, mamlakatlar oʻrtasidagi raqobat tobora koʻproq inson kapitali, bilim va texnologiyalar raqobatiga aylanmoqda. Ilmiy kashfiyotlar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, zamonaviy ishlab chiqarish, innovatsion iqtisodiyot va yangi kasblar davlatlarning iqtisodiy salohiyatini belgilab beryapti. Bunday sharoitda Oʻzbekiston uchun ham eng katta strategik vazifalardan biri — raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirish.

Taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, oliy taʼlim qamrovini kengaytirish, ilmiy tadqiqot fao­liyatini ragʻbatlantirish, yoshlarning xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni egallashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish — bularning barchasi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Biroq yangi bosqich boshlanmoqda. Endi masala taʼlimga koʻproq yoshlarni jalb qilish bilan birga ularga raqobatbardosh bilim berish, ilm-fanni real iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot bilan bogʻlash, universitetlarni bilim va innovatsiya markazlariga aylantirishdan iborat.

Ushbu tendensiyani, jumladan, Fargʻona viloyatining keyingi yillardagi taraqqiyot dinamikasi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Fargʻona azaldan aholisi zich, mehnatsevar, tadbirkorlik salohiyati yuqori va madaniy-intellektual anʼanalari boy hudud sifatida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim oʻrin egallab kelgan. Viloyat istiqboli uchun mavjud salohiyatni zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar, sifatli taʼlim va yuqori malakali kadrlar bilan uygʻunlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Hududdagi oliy taʼlim muassasalari ayni jarayonda muhim intellektual tayanch boʻlishi kerak. Xususan, Fargʻona davlat universiteti uchun ham bu vazifa alohida masʼuliyat yuklaydi.

Oliy taʼlim muassasasi faqat diplom beradigan tashkilot emas. Zamonaviy universitet ilm-fan, taʼlim, innovatsiya, madaniyat va jamiyat taraqqiyoti kesishadigan intellektual makondir. Fargʻona davlat universitetining koʻp yillik tarixi va ilmiy-pedagogik salohiyati bizga ana shu vazifalarni yanada yuqori darajada bajarish imkonini beradi.

Universitet oldida turgan asosiy vazifa zamonaviy bilimga ega, mustaqil fikrlaydigan, kasbiy jihatdan raqobatbardosh, jamiyat oldidagi masʼuliyatini anglaydigan va oʻz sohasida yangi qiymat yarata oladigan mutaxassislarni tayyorlashdir. Buning uchun OTMda oʻqitish sifati birinchi oʻrinda turishi kerak. Taʼlim jarayoni zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashishi, talabalarning tadqiqotchilik qobiliyati rivojlantirilishi, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati qoʻllab-quvvatlanishi zarur.

Ayni paytda universitetning jamiyatdagi oʻrnini ham kengaytirish muhim. Oliygoh oʻz hududidagi iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jarayonlarni ilmiy tahlil qiladigan, amaliy takliflar ishlab chiqadigan, innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlaydigan va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan markaz boʻlishi lozim. Zotan, uning haqiqiy nufuzi ilmiy maktablari, professorlari, innovatsiyalari, xalqaro aloqalari va jamiyat taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi bilan belgilanadi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida dunyoga kelgan avlod bugun mamlakat hayotining faol ishtirokchilariga aylangan. Bu juda muhim tarixiy holat. Oʻttiz besh yil avval mustaqillikni qaror toptirish jarayonida ishtirok etgan avlod bilan bugungi yoshlarning hayotiy tajribasi bir-biridan farq qiladi. Uchinchi ming yillikda tugʻilgan avlod ochiq axborot makonida, raqamli texnologiyalar muhitida, global iqtisodiy va madaniy aloqalar kuchaygan sharoitda voyaga yetmoqda.

Demak, ularning imkoniyati ham, ular oldidagi talablar ham katta. Shu sababli yoshlarga faqat bilim berish emas, ularni mustaqil fikrlash, masʼuliyatli qaror qabul qilish, oʻz sohasida yuqori natija koʻrsatish va dunyo miqyosida raqobatlasha olishga tayyorlash zarur.

Shubhasiz, har bir davr zamona kishilari qarshisiga oʻz vazifalarini qoʻyadi. Masalan, mustaqillikning dastlabki bosqichida davlatchilik asoslarini yaratish muhim edi. Keyingi davrda iqtisodiy va ijtimoiy tizimlarni takomillashtirish, islohotlarni amalga oshirish vazifasi ustuvor boʻldi. Bugun esa sifat bosqichiga kiryapmiz. Ushbu bosqichda davlat institutlarining samaradorligi, taʼlim sifati, ilm-fan natijadorligi, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi, boshqaruv madaniyati, inson kapitali va innovatsion salohiyat hal qiluvchi oʻrin tutadi.

Shu bilan birga, oldimizdagi vazifalarni ham aniq belgilashimiz kerak. Keyingi oʻn yilliklar bizdan davlat boshqaruvining yangi sifatini, iqtisodiy taraqqiyotning yangi modellarini, taʼlim va ilm-fanning yangi natijalarini talab qiladi. Shu maʼnoda, Fargʻona davlat universiteti jamoasi uchun bu bayram alohida mazmun kasb etadi. Biz OTMni mamlakat taraqqiyotining umumiy jarayonidan tashqarida tasavvur qila olmaymiz. Negaki biz uchun faqat yaxshi mutaxassis tayyorlashning oʻzi yetarli emas. Yangi bilim yaratadigan, yangi gʻoyalarni ilgari suradigan, ilmiy va ijtimoiy muammolarga yechim taklif qiladigan, iqtisodiyot va jamiyatning real ehtiyojlariga javob beradigan intellektual muhitni shakllantirishimiz zarur.

Oliygoh ilmiy-pedagogik salohiyati, koʻp tarmoqli taʼlim yoʻnalishlari va katta jamoasi bilan bu vazifalarni bajarish uchun zarur imkoniyatlarga ega. Endi asosiy masala — imkoniyatlarni yanada yuqori natijaga aylantirish.

Davlatchilik doimiy ravishda takomillashib boradi. Iqtisodiyot yangi talablarga moslashadi. Taʼlim berish va olish jarayoni, shakllari oʻzgaradi. Ilm-fan yangi vazifalarni qabul qiladi. Jamiyatning ehtiyojlari yangilanadi. Demak, mustaqillikning mazmuni ham har bir tarixiy bosqichda yangi qirralar bilan boyib boradi. Bizningcha, bugun mustaqillikni mus­tahkamlashning eng muhim shartlaridan biri mamlakatning inson, bilim va texnologiyaga tayangan taraqqiyot modelini yanada kuchaytirishdir.

Bizga kelgusi davrda katta maqsadlar, aniq strategiya va professional ijro kerak. Bilimli yoshlar, kuchli universitetlar, samarali ilm-fan, raqobatbardosh iqtisodiyot va oʻz sohasida yuqori natija koʻrsata oladigan mutaxassislar lozim. Eng muhimi, oʻz kelajagini oʻzi belgilay oladigan, imkoniyatlarini toʻliq roʻyobga chiqaradigan va taraqqiyot uchun masʼuliyatni his qiladigan jamiyat qurish yoʻlidan aslo ogʻishmasligimiz shart.

Bugungi vazifa ana shu masʼuliyatni yangi avlodlar zimmasiga munosib tarzda yetkazish, ularga sifatli taʼlim va keng imkoniyatlar berish, mamlakatimizning intellektual va iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishdan iborat. Hozir ana shu haqiqatni yana bir bor anglash, kelajakka katta ishonch bilan qarash va keyingi taraqqiyot bosqichi uchun yangi maqsadlarni belgilashning ayni vaqti. Biz bu masʼuliyatni qanchalik chuqur anglasak, kelajak shunchalik mazmunli, taraqqiyotimiz shunchalik samarali va avlodlar oldidagi burchimiz munosib ado etilgan boʻladi.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor