Amaldagi tartibga koʻra, jismoniy shaxslar oʻz ehtiyojlari uchun 2 tagacha mobil qurilma olib kirishi mumkin. Bunda qurilmalar qiymati bojsiz olib kirish meʼyoridan oshsa, oshgan qismiga tovar qiymatining 30 foizi miqdorida yagona bojxona toʻlovi undiriladi.

Shuningdek, xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalar yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilishi shart. Deklaratsiya keyinchalik qurilmani UzIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

“Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan 20–22-sentyabr kunlari Dubaydan uchib kelgan uch nafar yoʻlovchining harakatlari tekshirilgan.

Ular bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida maʼlum qilmagan holda 8 ta yangi iPhone 18 va 6 ta iPhone 17 smartfonini olib kirishga uringan.

Maʼlum qilinishicha, ushbu qurilmalarning umumiy qiymati 227 million soʻmni tashkil etadi.

“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi maʼlumotlariga koʻra, yil boshidan buyon qiymati 7,8 milliard soʻmlik 162 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyilgan.

Bojxona organlari xorijdan qaytib kelayotgan fuqarolarni oʻzlari bilan olib kirayotgan mobil qurilmalarni yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatishga chaqirmoqda.

Taʼkidlanishicha, qurilmani deklaratsiya qilib olib kirishda bojsiz olib kirish meʼyoridan oshgan qismi uchungina yagona bojxona toʻlovi undiriladi. Noqonuniy olib kirilgan qurilmalarni keyinchalik UzIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida esa telefonning toʻliq qiymatidan 30 foiz toʻlov undiriladi.

Ayni paytda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.