Qonunda nikoh yoshining belgilanishi nafaqat nikohning jismoniy maqsadlari uchun, balki u nikohlanuvchilarning nikoh tuzilishi natijasida kelib chiqadigan majburiyatlarni mustaqil ravishda hal qilish, bu haqda aniq tasavvurga ega boʻlish va jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalash uchun ham zarur hisoblanadi. Chunonchi, nikoh oila vujudga kelishining birdan bir asosi, omili boʻlib xizmat qiladi. Nikoh munosabatlari qanchalik sof, erkin, ixtiyoriy, shuningdek, davlat tomonidan qoʻyilgan talablarga monand ravishda tuzilsa, albatta, oilaning mavqeyi, obroʻyi, qolaversa unda voyaga yetib kelayotgan farzandlar ham komil inson boʻlib yetishadilar.
Demak, nikoh yoshi toʻgʻriisdagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzishning ijtimoiy xavfliligi avvalambor yoshlarning jinsiy erkinlik va daxlsizligi buzilishiga olib keladi, mustahkam, sogʻlom oilani shakllantirishiga putur yetkazadi, yoshlarning barkamol avlod boʻlishi yetishishlariga va sogʻlom boʻlib shakllanishlariga toʻsqinlik qiladi. Xususan, erta turmush qurish oqibatida 38,2 foiz oʻsmir qizlarning sogʻligʻi, 22,9 foizida ota-onasi va boshqa oila aʼzolari bilan munosabatlar yomonlashgan. 25,2 foizi iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda 9 foiz holatda erta turmush kelinning yaqin doʻstlari bilan aloqalari uzilishiga olib kelgan. Bundan tashqari, erta nikohga kirishganlarning katta qismi toʻydan keyin maktab, kollej yoki litseyda oʻqishini davom ettirmagan. Jumladan, tadqiqotda qatnashgan respondentlarning bor-yoʻgʻi 37,6 foizi toʻydan keyin oʻqishini davom ettirganini maʼlum qilgan hamda respondentlarning 25,6 foizi oʻqishni davom ettirishga eri ruxsat bermaganini, 17,1 foizi oʻqishni davom ettirishni oʻzi xohlamaganini, 13,3 foizi esa oʻqishiga qaynona/qaynotasi qarshi boʻlganini aytgan.
Yosh erga tekkan kelinlarning 13 foizi homiladorlik va tugʻuruq davrida zarur tibbiy yordamni umuman olmagan. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, 41,6 foiz respondent homiladorlik va tugʻuruqdan keyingi davrda zarur tibbiy yordamni toʻliq olgan, ammo jami respondentlarning 12,7 foizi tibbiy yordamni toʻliq olmagani, 25,1 foizi esa zaruriy darajada olmaganini bildirgan va 7,2 foiz respondent tibbiy yordamga koʻp mablagʻ sarflashga toʻgʻri kelganini taʼkidlagan.
Taassufki, bugungi kunda jamiyatimizda nikoh yoshiga toʻlmagan shaxslar bilan nikoh tuzish holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda. Xususan, mamlakatimizda (erta nikoh va erta tugʻuruq holatlari eng koʻp qayd etilayotgan hududlar – Urgut, Samarqand, Past Dargʻom, Kattaqoʻrgʻon, Denov, Shahrixon tumanlari, Namangan, Samarqand va Andijon shaharlari) 4–5 sinfdagi qiz bolalarni unashtirib qoʻyish hamda 15–16 yoshda erga berib yuborish holatlari hamon uchrab turibdi.
Shu bilan birga, tadqiqot natijalarining koʻrsatishicha, erta nikoh qurishning sababchilari, avvalambor ota-onalar va qarindosh-urugʻlar hisoblanadi. Xususan, tadqiqotda ishtirok etgan erta turmushga chiqqanlarning 70 foizi erta nikohning asosiy sababchisi sifatida ota-ona va oila aʼzolarini koʻrsatganlar hamda 26 foizi sevgi-muhabbat bilan izohlagan, 3,4 foizi bu homila bilan bogʻliq boʻlganini, 1,5 foizi esa yosh erga tegishiga diniy qarashlari sabab boʻlganini bildirgan.
Aytish kerakki, qonunchilik mazmuniga koʻra, nikoh deganda, nikoh yoshiga yetgan, qonunga muvofiq oila qurishni istagan erkak bilan ayolning ixtiyoriy roziligi va teng huquqligiga asoslangan, qonuniy rasmiylashtirilgan, oʻzaro shaxsiy va mulkiy huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradigan bir umrga tuzilgan ittifoq tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga binoan, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʻn sakkiz yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʻra nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1251-moddasida nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Bunday qilmish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki toʻrt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 1251-moddasi uch qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismida nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish uchun javobgarlik belgilangan.
Mazkur norma nikohni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirmagan holda nikoh munosabatlariga kirishgan holatlar uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Shuningdek, mazkur norma qonunda belgilangan tartibda nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan rasmiy yoki norasmiy holda nikoh munosabatlariga kirishgan holatni ham qamrab oladi. Bunda nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish deganda, nikohni qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki rasmiylashtirilgan holda erkak bilan ayolning yagona oila ittifoqi sifatida birgalashib yashashni boshlashi tushuniladi.
Nikoh munosabatlariga kirishish, odatda nikoh yoshiga toʻlmagan shaxslarning alohida joy, xonadon yoki boshqa joyda birgalikda yashashi, ularning jinsiy hayot kechirishlari, mol-mulkka nisbatan birgalikda yoki ulushli egalik qilishlari, oila xarajatlarini birgalikda yoki alohida koʻtarishlari, bir-birining daromadida birgalikda ishtirok etish va boshqa shu kabilarda namoyon boʻladi.
Koʻrilayotgan jinoyat boʻyicha qiz yoki yigitning bittasi nikoh yoshiga toʻlmaganligi javobgarlik masalasini hal qilish uchun yetarli hisoblanadi. Agar yigit yoki ayol nikoh yoshiga toʻlmagan boʻlib, ular bir-birining yoshini aniq bilgan holda nikoh munosabatlariga kirishgan boʻlsa, ular javobgarligi masalasi hal qilinishi kerak.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatida hayot kechirishning davomiyligi qilmishni kvalifikatsiya qilishga taʼsir koʻrsatmaydi. Bunda faqat aybdorning nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishilgan faktini aniqlashning oʻzi kifoya boʻladi.
Mazkur jinoyat nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishilgan vaqtdan boshlab tugallangan hisoblanadi. Bunda ushbu shaxslarning jinsiy munosabatlarga kirishgan yoki kirishmaganligi qilmishga huquqiy baho berish uchun ahamiyat kasb etmaydi. Agar nikoh munosabatlariga kirishgan shaxs oʻn olti yoshga toʻlmagan boʻlsa, aybdor u bilan jinsiy aloqa qilsa yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirsa, uning harakatlari Jinoyat kodeksi 128-moddasi bilan jinoyatlar majmui tariqasida kvalifikatsiya qilinadi.
Jinoyat kodeksi 1251-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti 18 yoshga toʻlgan nikoh yoshiga toʻlmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishgan har qanday jismoniy shaxs boʻlishi mumkin.
Jinoyat kodeksi 1251-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomoni ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirishda ifodalanadi.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish deganda, ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan nikoh yoshiga toʻlmagan ayol (qiz)ni erkak nikohiga olishi uchun uning ixtiyoriga yuborish yoki ayol (qiz)ni erga berish bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazish tushuniladi.
Agar ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar nikoh yoshiga toʻlmagan qizni (ayolni) uning erkiga xilof ravishda erga tegishga majbur qilsa, ularning harakatlari Jinoyat kodeksi 1251-moddasi ikkinchi qismi va 136-moddalari bilan jinoyatlar majmui tariqasida kvalifikatsiya qilinadi.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxsni uylantirish deganda, ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga toʻlmagan ayol (erkak)ni erkak (ayol) nikohiga olishi yoki ularning oila qurishi uchun muayyan tadbirlarni (nikoh toʻy bazmlari, diniy marosim va boshqa sh.k.) oʻtkazilishi tushuniladi.
Tahlil qilinayotgan jinoyatda ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar nikohlanuvchilarning nikoh yoshiga toʻlmaganliklarini bilgan boʻlishlari kerak.
Jinoyat kodeksi 1251-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti 18 yoshga toʻlgan ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar hisoblanadi.
Ota-onalarning oʻrnini bosuvchi shaxslar deganda, qonunda belgilangan tartibda bolaga nisbatan ota-onalik huquqini amalga oshiruvchi va ota-onalik majburiyatlarini bajaruvchi, lekin bolaning ota-onasi boʻlmagan shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar) tushuniladi.
Jinoyat kodeksi 1251-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatning obyektiv tomoni nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda nikoh ikki xil — dunyoviy va diniy mazmunga ega. Dunyoviy maʼnosiga koʻra, nikoh — er-xotinning oʻzaro roziligi bilan huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan oilaviy ittifoqi, er-xotinlik hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, dunyoviy mazmunda nikoh turmush qurayotgan erkak va ayolning fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida (FHDYO) roʻyxatdan oʻtishini anglatadi. Dinda nikoh (arabcha — uylanish, er-xotinning qovushishi) – er-xotinlikni shariat yoʻli bilan rasmiylashtirish marosimi va shu marosimda imom tomonidan oʻqiladigan shartnoma sifatida tushuntiriladi. Dinlarda, shu jumladan islom dinida oilaga juda katta ahamiyat beriladi. Oila hayoti nikoh bilan boshlanadi. Nikohsiz yashash dinlarda harom qilingan. Shu jihatdan ham, dinlarda nikohsiz ikki kishining birga yashashi qatʼiy man etilgan va harom qilingan ish hisoblanadi. Shu sababli, xalqlarimiz urf-odatlar asosida nikohlanuvchilar nikohni rasmiy ravishda qayd qilishdan avval diniy rasm-rusumlar asosida nikohni belgilab oladilar.
Mazkur normada nazarda tutilgan nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar deganda, oila yoki boshqa qonunchiliklarda belgilangan tartibda nikohi tuzilib, qayd qilinmagan shaxslar tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksida nikoh tuzish tartibi va shartlari belgilangan boʻlib, unga koʻra (13-m.) nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida roʻyxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin deb hisoblanadilar va shu paytdan eʼtiboran ular oʻrtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi.
Oila kodeksining 215-moddasiga binoan, nikoh tuzilganligi qayd etilganidan keyin nikoh tuzilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi. Shundan kelib chiqqan holda, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshirish harakatlari Jinoyat kodeksi 1251-moddasi uchinchi qismi boʻyicha javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Bunda, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshirish deganda, diniy marosimni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan nikohlanuvchilarning nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilganligini aniqlamasgan yoki nikohi qonunchilikda belgilangan tartibda qayd etilmaganligini yohud nikoh yoshiga toʻlmaganligini bilgani holda, ularga nisbatan nikoh xutbasini oʻqish yoki ikki tomonni nikohlash bilan bogʻliq diniy marosimlarni oʻtkazilishi tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksiga muvofiq, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas deb topiladi. Ammo shunga qaramay, xalqimiz oʻrtasida sharʼiy nikoh tuzish yoki diniy marosim tariqasida nikohni belgilash holatlari mavjud boʻlib, ayrimlar nikohni rasmiy ravishda rasmiylashtirmasdan diniy rasm-rusum tariqasida oʻqilgan nikoh asosida hayot kechirayotganlar yoʻq emas.
Jinoyat kodeksi 1251-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti 18 yoshga toʻlgan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirgan shaxslar hisoblanadi. Ular mulla, ruhoniylar yoki diniy rasm-rusmlar asosida nikoh hutbasini oʻqigan har qanday jismoniy shxslar boʻlishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 1251-moddasi 1–3-qismlarida nazarda tutilgan jinoyatning jinoiy javobgarlikka tortish sharti aybdor ushbu harakatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 473-moddasi 1–3-qismlarida (Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) belgilangan huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazoga tortilganidan keyin bir yil davomida ushbu qilmishlarni takror ravishda sodir etganligi hisoblanadi.
Jinoyat kodeksi 1251-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyektiv tomoni aybning qasd shaklida ifodalanadi. Jinoyatning motiv va maqsadi jinoyatning kvalifikatsiyasiga taʼsir koʻrsatmaydi.
Abrorjon OTAJONOV,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi professori
yuridik fanlar doktori, professor