Nikohni bekor qilish toʻgʻrisida sudga daʼvo ariza berilganda davlat boji kimdan undiriladi?

    Bilasizmi? 8 Fevral 2021 24440

    Savollarga “Madad” NNTning bosh mutaxassisi Abror Ezozxonov javob beradi.

    • Nikohni bekor qilish toʻgʻrisida sudga daʼvo ariza berilganda davlat boji kimdan undiriladi?

    Davlat boji toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq davlat boji, nikohdan ajratishni soʻrab sudga ariza topshirgan tomondan, agar er-xotin birgalikda nikohdan ajratish haqida sudga ariza yozgan boʻlsa, oʻzaro kelishgan holda tomonlarning biridan undiriladi.

    Davlat boji summasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, takroriy nikohni bekor qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida undiriladi.

    • Oʻzbekiston Respublikasining oliy oʻquv yurtlarida kontrakt asosida taʼlim olishda kontrakt pulini ish haqidan toʻlaganda daromad soligʻi boʻyicha imtiyoz bormi?

    Oʻzbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 378-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olish (oʻzining, yigirma olti yoshga toʻlmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) taʼlim olishi) uchun toʻlovdan daromad soligʻi (12%) ushlanmaydi.

    • Men Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiman, boʻlajak turmush oʻrtogʻim chet el fuqarosi. Nikohni Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtkazsak boʻladimi?

    Oʻzbekiston Respublikasi FHDYO organlarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan nikohini qayd etish hamda chet el fuqarolari oʻrtasidagi nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.

    Oʻzbekiston fuqarosi va chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻrtasidagi nikohni qayd etish agar chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish vizasi nikoh tuziladigan kunda haqiqiy boʻlsagina amalga oshiriladi.

    Bunda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning nikohga kirish haqidagi arizasiga uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi hamda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning nikohda turmasligi haqidagi belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qoʻyilgan hujjat (davlat tilidagi tarjimasi bilan birga) ilova qilinishi lozim.

    • Men kvartiramni sotmoqchiman, xaridor ham topdim, ammo ularda hali toʻlov uchun kerakli miqdorda pul yoʻq. Ular zakalat bitimini tuzishni taklif qilishmoqda. Shu sababli menga zakalat nimaligi va bitim bajarilmaganda qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida tushuncha bersangiz?

    Amaldagi qonunchilikka binoan, shartnoma tuzayotgan taraflardan biri shartnoma tuzilganligini isbotlash va uning ijrosini taʼminlash yuzasidan beradigan pul summasi zakalat hisoblanadi, boshqacha qilib aytganda – avans. Zakalat toʻgʻrisidagi kelishuv zakalatning summasidan qatʼi nazar, yozma ravishda tuziladi.

    Majburiyat uni bajarishdan oldin taraflarning kelishuviga muvofiq yoki bajarishning imkoni yoʻqligi oqibatida bekor qilingan taqdirda zakalat puli qaytarib beriladi. Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat puli bergan taraf javobgar boʻlsa, zakalat ikkinchi tarafda qoladi.

    Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat olgan taraf javobgar boʻlsa, u ikkinchi tarafga zakalatni ikki baravar qilib qaytarishi shart.

    Shartnomaning bajarilmasligi uchun javobgar boʻlgan taraf, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, zakalat summasini hisobga olgan holda ikkinchi tarafga zararlarni toʻlashi shart.