Odamlar hali ham suv va loy oqimlarini taqsimlash uchun qirg'oqqa perpendikulyar joylashtiriladigan qattiq tuzilmalardan foydalanishadi. Mazkur turdagi texnologiyaning kashfiyotchilari xitoyliklar ekanligiga ishonilgan va bunday turdagi eng qadimgi inshootlar Sariq daryoda joylashgan. Ammo Sudandagi tizimning yoshi Xitoynikidan 2500 yil katta ekani ma'lum bo'ldi.
Olimlar avvalgi ma'lumotlar, sun'iy yo'ldosh tasvirlari va mahalliy aholining guvohliklari asosida Sudanda yuzlab ana shunday tuzilmalarni aniqlashdi. Ba'zilari Nil daryosi suvi ostida qolib ketgan, boshqalari quriganiga ancha vaqt bo'lgan daryo irmoqlari o'rnida saqlanib qolgan.
Tuzilmalar nubiyaliklarga unumdor loy to'plash va yerni sug'orish, qirg'oq eroziyasiga qarshi kurashish va mavsumiy toshqinlardan himoyalanish imkonini bergan. Ba'zilari ehtimol baliq ovlashga mo'ljallan hovuz vazifasini bajargan bo'lishi mumkin.
“Ushbu nihoyatda bardoshli texnologiya 3000 yildan ortiq vaqt davomida Nubiyaning murakkab landshaftlarida jamoalarga ekinlarni yetishtirish va atrofni obod qilish uchun muhim ahamiyatga ega bo'ldi, deydi G'arbiy Avstraliya universiteti arxeologi Metyu Dalton.
Tuzilmalar Nil daryosi oqimi shimolda, Misrdagi kabi kuchli va barqaror bo'lmagan joylarda odamlarga omon qolishga yordam berdi. Ammo miloddan avvalgi 1000-yillarda Nubiyada juda quruq iqlim hukmronlik qildi va gidrotexnik tizimlar vaziyatni o'nglay olmadi. Miloddan avvalgi 200-yillar atrofida ayrim hududlarda daryoning oqimi butunlay to'xtadi, qishloq xo'jaligi yerlari yaroqsiz holga keldi, deb xabar beradi mir24.tv.