“Nilufar” turnirida eng yaxshi shaxmatchi qizlar saralandi

    Turnirga xalqaro grossmeyster Nafisa Moʻminova hamda grossmeyster Hulkar Moʻminovalar hakamlik qildi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5ta muhim tashabbusning ikkinchisi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan boʻlib, soʻnggi yillarda bu borada koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.

    Hukumatimiz tomonidan sportning barcha turlari qatorida shaxmatni ham izchil rivojlantirishga alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Buning natijasida oʻzbek shaxmat maktabining jahondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganiga bugun barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Xususan, “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori yosh avlodning maʼnaviy kamolotini yuksaltirish, ularning shaxmat borasidagi iqtidorini toʻla namoyon etishlari uchun ajoyib imkoniyat boʻldi. Bu borada koʻplab musobaqa va turnirlar ham tashkil etilmoqdaki, bu mamlakatimizda yangidan-yangi isteʼdod egalarini kashf etish, mavjud iqtidor sohiblarini ragʻbatlantirishga imkon yaratmoqda.

    8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Artel” kompaniyasi va “Sky chess” shaxmat maktabi hamkorligida “Nilufar” shaxmat turniri boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent shahridagi 21, 22, 23-Mehribonlik uylarining 15 nafar tarbiyalanuvchi qizlari, 35 nafar “Artel kompaniyasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida berilgan eʼlon orqali roʻyxatdan oʻtgan ishtirokchilar qatnashdi.

    Turnirga xalqaro grossmeyster Nafisa Moʻminova hamda grossmeyster Hulkar Moʻminovalar hakamlik qildi.

    Turnir homiysi, Artel korxonalar guruhi boshqaruv raisi Qobil Toshmuhammedov tantanali marosimda nutq soʻzlab, barchani bayram bilan tabrikladi. “Muhtaram opa-singillar, haqiqiy iqtidor egalari! Barchangizni yana bir bora goʻzallik va latofat bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etaman. Bayram munosabati bilan “Artel” kompaniyasi va “Sky Chess” shaxmat maktabi hamkorligida oʻtkazilayotgan “Nilufar” xotin-qizlar shaxmat turniriga hush kelibsiz, deymiz. Bugun haqiqiy aql gimnastikasiga guvoh boʻlamiz, degan umiddamiz. Ushbu turnir iqtidorli ayollarimiz va opa-singillarimizning shaxmat sport turi bilan shugʻullanishini yana-da qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilmoqda. Bu hamkorlik doimiy davom etadi, degan umiddamiz” dedi Q.Toshmuhammedov.

    Turnir natijalariga koʻra, 1-oʻrin Shahina Umrzoqova hamda Iroda Ibrohimovalarga nasib qildi. Shahzoda Baxtiyorova va Xadichabonu Bahodirjonova 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. 3-oʻringa Dildora Alimova hamda Dilnoz Turdimurodova muvaffaq boʻldi.

    Gʻolib va sovrindorlar “Artel” kompaniyasi tomonidan qimmatbaho sovgʻa hamda diplomlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir guruh qizlarga “Sky chess” shaxmat maktabida bir yil bepul oʻqish uchun sertifikatlar topshirildi.