Tadqiqot davomida olimlar jamoasi nima uchun erkaklar va ayollar turli xil bosh miya kasalliklariga koʻproq moyilligini yaxshiroq tushunish uchun 1000 dan ortiq miya tasvirlarini solishtirdi.

Avvalgi tadqiqotlar shuni koʻrsatgandiki, qizlarga qaraganda oʻgʻil bolalarga ulgʻayishi davomida uch baravar koʻproq autizm tashxisi qoʻyiladi va ularda DEGS (diqqat yetishmasligi va giperfaollik sindromi) bilan kasallanish ehtimoli ikki baravar yuqori. Ayolarda esa yosh oʻtgan sari tashvishga tushish yoki kayfiyat buzilishi erkaklarga qaraganda deyarli ikki baravar koʻp hollarda uchraydi.

Ruhiy salomatlik boʻyicha mutaxassislarni nima uchun bunday tafovutlar borligi yillar davomida oʻylantirib keladi va aksariyat olimlar bu jinslar oʻrtasidagi miyadagi fiziologik farqlar bilan bogʻliq deb taxmin qiladi. Tadqiqot guruhi bunday farqlarning dalillarini topdi.

Erkak va ayollar miyasidagi ehtimoliy farqlarni aniqlash uchun tadqiqotchilar miya holati va undagi oʻzgarishlarni diqqat bilan oʻrgandilar.

Soʻng ayol va erkaklar miyasi MRT-skanerlarini tahlil qilib, miya mikrotuzilmasidagi farqlarni izladilar, masalan, hujayralar konsentratsiyasi, ularning joylashishi yoki hatto jismoniy xususiyatlarni ham nazardan qochirmadi. Olimlar haqiqatan ham ikki jins vakillarining miyasida fiziologik oʻzgarishlar borligini isbotladi.

Shuningdek, olimlar miyadagi bodomsimon tana va talamusda diffuziya koʻrsatkichlarini topdilar, aynan ular tashvish, DEGS, ijtimoiy koʻnikmalardagi muammolar va depressiya kabi ruhiy buzilishlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Olimlarning taʼkidlashicha, diffuz MRT tasvirlarini kelgusida yanada chuqurroq oʻrganish orqali erkak va ayollardagi uchraydigan bosh miya kasalliklarining farqi haqida koʻproq maʼlumot olish mumkin.

Tadqiqot “Proceedings of the National Academy of Sciences” jurnalida chop etildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.