Tokio universiteti olimlari tomonidan yaratilgan yangi vaksinaning ilk klinik sinovlari Belgiyada boshlanishi eʼlon qilindi. “Nikkei” gazetasining xabariga koʻra, laboratoriya sharoitida ishlab chiqilgan ushbu preparat endi ilk bor insonda sinab koʻriladi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, vaksina avvalroq maymunlarda oʻtkazilgan tadqiqotlar davomida virusga qarshi toʻliq himoya tizimini taʼminlagan va yuqori samaradorlik koʻrsatgan.

Rejaga muvofiq, kelgusi yilda Bangladeshda keksa yoshlilar va bolalar ishtirokida qoʻshimcha klinik sinovlar oʻtkaziladi. Bu jarayon vaksinaning turli yosh guruhlari uchun xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

“Nipah” virusi hayvonlardan, xususan, koʻrshapalak va choʻchqalardan odamga yuqishi bilan oʻta xavfli hisoblanadi. U nafas olish tizimini zararlab, ogʻir holatlarda bosh miya toʻqimalarining yalligʻlanishi — ensefalitga sabab boʻladi.

Tibbiy statistikaga koʻra, oʻz vaqtida yordam koʻrsatilmasa, kasallik 75 foiz holatda oʻlim bilan yakunlanadi. Ilk alomatlar virus yuqqandan 4-7 kun oʻtib namoyon boʻlishi esa epidemiologik nazoratni qiyinlashtiradi.

Joriy yilning yanvar oyida Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida virus tarqalishi bilan bogʻliq yangi holatlar qayd etildi. Hozirgacha besh kishida virus aniqlangan, yuzga yaqin fuqaro karantinga olingan.

Shu paytgacha ushbu virusga qarshi maxsus dori yoki vaksina mavjud boʻlmagani bois, Tokio olimlarining loyihasi global sogʻliqni saqlash tizimi uchun ulkan yutuq sifatida eʼtirof etilmoqda.