— Ayrim davlatlarda vaksina olganlarga niqobsiz yurish va ijtimoiy masofani saqlamaslikka ruxsat berilayotgan ekan. Bu qanchalik to‘g‘ri?

— Vaksinatsiya jarayonlariga aholining 60-70 foizi qamrab olinishi ta’minlansa, ommaviy immunitet hosil qilinishi to‘g‘risida ko‘p bora ta’kidlaymiz. Ommaviy immunitetning hosil qilinishi koronavirus infeksiyasini nazorat qilish va yengib chiqishda erishilgan katta yutuqdir. 

Vaksinatsiyaning to‘liq bosqichlarini olgan inson organizmida koronavirus infeksiyasidan himoya qiluvchi immun hujayralari ishlab chiqiladi. Mazkur hujayralar qancha muddat himoya qilishi borasida to‘liq ma’lumot bo‘lmasa-da, bu hujayralar titri yuqori bo‘lgan davrda insonga koronavirus infeksiyasi yuqmaydi.

Albatta, bunday holatda vaksinatsiya to‘liq bosqichlarini olgan va immunitet hujayralari mavjud insonlargina niqobsiz yurishi va ijtimoiy masofani saqlamasligi mumkin.

Ba’zi davlatlarda vaksinatsiya olganlarga niqobsiz yurish va ijtimoiy masofani saqlamaslikka ruxsat berilishi, shu davlatlar aholisi orasida emlanganlar salmog‘i 50 foiz va undan ham ko‘proq bo‘lganligi hamda aholi orasida ommaviy immunitet hosil qilinishiga asos mavjudligi bois bo‘lishi mumkin. Lekin bunday davlatlar juda ham sanoqli.

Shuni unutmaslik kerakki, o‘tayotgan pandemiya davri tibbiy niqoblar va o‘zaro masofa saqlashning samarasini isbotlab berdi.

Hindistonda kuzatilayotgan koronavirus infeksiyasi mukormikoz bilan birga kechishi o‘lim holatining ko‘payishiga sabab bo‘layotgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lmoqda. Bu biz uchun qanchalik havfli?

— Ha, afsuski, bugungi kunda dunyo bo‘yicha kasallik aniqlanayotganlarning 53 foizi Hindiston aholisiga to‘g‘ri kelayotgani JSST tomonidan e'tirof etilmoqda. Mukormikoz ham hindistonlik koronavirusga chalinganlar orasida aniqlanayotgani va o‘lim holatini kuchaytirayotgani to‘g‘risida ham ma’lumotlar bor.

Mukormikoz – bu zamburug‘lar turkumiga mansub infeksion omil bo‘lib, u issiq o‘lkalarda ko‘p uchraydi. Inson organizmida kasallik uchrashiga sabab immunitetning pasayishidir, ya’ni koronavirus infeksiyasi ham inson immunitetining pasayishiga kuchli ta’sir qilmoqda. Shu bois, koronavirus bilan kasallanganlarda ham mukormikoz kuzatilish holatlari uchrab turmoqda.

Olimlarning fikriga ko‘ra, ikkinchi omil antibiotiklarni uzoq muddat yoki noo‘rin qabul qilinishi immunitet pasayishiga ta’sir qiladi va bu o‘z o‘rnida mukormikoz rivojlanishini keltirib chiqarishi mumkin.

Inson organizmida mukormikoz, asosan, burun, tomoq va halqumda ko‘proq joylashishi ma’lum.

Shu bois, aholimizdan doimiy ravishda karantin qoidalariga rioya qilishlarini talab qilamiz. Shu bilan birga vaksinatsiya kasallikdan himoyalovchi ishonchli omil ekanini yana bir bor ta’kidlaymiz.

Mutaxassis bilan suhbat Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan uyushtirildi.