Safar davomida Nissa shahri meri Kristian Estrozi, “Nice Ecovallee” rivojlanish agentligi direktori oʻrinbosari Damiyen Tayxner, “Paul Augier” nomidagi mehmonxona va turizm oliy maktabi prezidenti Denis Fero, “Côte dʻAzur” Turizm instituti direktori Vinsent Trikard va Janubiy mintaqa Xalqaro turizm mehmonxona joʻjaligi kampusi direktori Filip Villeman bilan uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.
Nissa shahari meri Kristian Estrozi bilan kechgan muloqotda u soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga yuqori baho berar ekan, ushbu oʻzgarishlar davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan boʻlayotganini qayd etdi.
- Barcha sohalarda Oʻzbekiston bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatishdan mafaatdormiz, - dedi Nissa shahri meri. - Jumladan, respublikaning qadimiy shaharlaridan biri boʻlgan, butun dunyoga mashhur Samarqand shahri bilan sherikchilik aloqalarini oʻrnatishga anchadan buyon qiziqish bildirib kelayapman. Samarqand bilan aloqalarni mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishga tayyorman. Mening Oʻzbekistonga borish istagim ham yoʻq emas. Ayniqsa, koʻhna Samarqand yuragi boʻlgan Registon maydonida oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” Xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish mening orzuim.
Bundan tashqari, 2021-yilda Nissa YUNESKOning Butunjaxon merosi roʻyxatiga kiritildi. Bu borada ham Samarqand bilan tajriba almashishimiz mumkin.
Oʻzbekiston diplomatlarining “Nice Ecovallee” rivojlanish agentligi direktori oʻrinbosari Damiyen Tayxner bilan uchrashuvida shaharsozlik masalalari boʻyicha fikr almashildi.
Fransiya vakili Nissa shahrida amalga oshirilayotgan shaharsozlik va yangi infrastruktura loyihalari haqidagi maʼlumotlarni shrtoqlashdi. Uning aytishicha, “Nice Ecovallee” loyihalari bu shaharsozlikning oʻziga xos yangi modeli boʻlib, ekologiya va iqtisodiyotni uygʻunlashtirishga qaratilgan.
Damiyen Tayxner Oʻzbekistonda shaharsozlik va uy-joy yoʻnalishi jadal surʼatlarda rivojlanayotganligini inobatga olib, “Nice Ecovallee” loyihasi tajribasini Oʻzbekiston shaharlari maʼmuriyati va qurilish kompaniyalari bilan boʻlishishga tayyor ekanligini bildirdi.
«Paul Augier» nomidagi mexmonxona va turizm oliy maktabi prezidenti Denis Fero bilan boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida turizm taʼlimi sohasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Denis Fero «Paul Augier» maktabi Fransiyadagi turizm sohasidagi eng qadimiy davlat taʼlim muassasalaridan biri ekanini maʼlum qildi.
- Bugungi kunda oliy maktab kulinariya, keytiring va umumiy ovqatlanish yoʻnalishlarida katta muvaffaqiyatlarga erishgan, - dedi oliy maktab prezidenti. - Soʻnggi 5 yilda Oʻzbekistonda turizm sohasi jadal surʼatlarda rivojlayotganidan xabardorman. Bu, oʻz navbatida, kadrlarga ehtiyojni yanada oshiradi. Biz oʻzbek tomoni bilan sayyohlik sohasida kadrlar tayyorlash yoʻnalishida hamkorlik qilishga tayyormiz.
“Côte dʻAzur” Turizm instituti direktori Vinsent Trikard va Janubiy mintaqa Xalqaro turizm mehmonxona xoʻjaligi kampusi direktori Filip Villeman ham turizm taʼlimi sohasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Xususan, Fransiya tomoni Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan hamkorlik bitimi tuzish tashabbusini ilgari surdi.
Uchrashuv natijasida talabalar va oʻqituvchilar almashuvi, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, konferensiyalar uyushtirish, shuningdek, “Côte dʻAzur” Turizm instituti va Janubiy mintaqa Xalqaro turizm mehmonxona xoʻjaligi kampusi direktorlarining joriy yil iyul oyida Oʻzbekistonga amaliy safarini tashkil etishga kelishib olindi.