Niyatimga yetkazgan imkoniyat

    Usiz nufuzli oliygohda o‘qiy olmasdim.

    Bolaligimdan kompyuter va aniq fanlarga qiziqishim maktabda informatika va matematika fanlarida faol bo‘lishimga turtki bergan. Xususan, 7-sinfdan respublika va xalqaro matematika fan olimpiadalarida, dasturlash bo‘yicha umumjahon hakatonlarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni egalladim. 8-sinfda esa birinchi loyihamni yaratdim.

    U IELTS imtihonining yozish ko‘nikmasini baholovchi bo‘limiga tayyorlovchi veb-sayt bo‘lib, talabalar bir-birining onlayn yozgan inshosiga izoh qoldirishi, xato va kamchiliklarini ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, C# dasturlash tili yordamida kompyuter o‘yinimni yaratib, videoo‘yinlar onlayn bozoriga yukladim. Aynan shu loyihalar texnologiyalarga qiziqishimni yanada kuchaytirdi. Shu bois, bu sohani chuqurroq o‘rganish uchun dunyoning eng nufuzli oliygohlarida o‘qishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

    10-sinfni tugatish arafasida IELTS imtihonida 7,5 ball oldim, bundan tashqari, SAT xalqaro imtihonida ham yuqori natijaga erishdim. Xalqaro imtihonlarda erishgan natijalarim hamda maktab chog‘ida ishlab chiqqan loyihalarim AQSH, Buyuk Britaniya va Kanadaning 30 dan ortiq nufuzli universitetida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritishimda katta yordam berdi.

    Bu OTMlarning aksariyati qisman grant taqdim etdi, lekin o‘qish puli va yashash xarajatining qolgan qismi ham juda katta mablag‘ edi. Oilaviy sharoitimiz bunday katta xarajatlarni ko‘tarmasdi. Baxtimga o‘sha payti “El-yurt umidi” jamg‘armasi haqida eshitib qoldim. Jamg‘arma tanlovida qatnashib, g‘olib bo‘ldim. Suhbat chog‘ida ko‘plab qiziq savollar berildi. Shaxsan menga yoqqani “Nima uchun vataningizni sevasiz?” degan savol bo‘ldi. Bu savolga: “Vatanimiz eng boy va eng rivojlangan davlat emasdir, lekin men aynan shu yurtda tug‘ildim. Vatan xuddi ota-onaga o‘xshaydi, uni inson ardoqlashi kerak”, deb javob berdim. Shu payt ko‘nglimdan boshqacha hissiyotlar o‘tdi.

    Hozir AQSHning Nyu-York universitetida kompyuter muhandisligi bo‘yicha ta’lim olyapman. “El-yurt umidi” jamg‘armasi menga har tomonlama yordam berib, qo‘llab-quvvatlayapti. AQSHda o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman va forumlarda O‘zbekiston nomidan qatnashib, yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni chet ellik tengdoshlarimga yetkazayotganimdan nihoyatda xursandman.

    Asosiy e’tiborimni o‘qishga qaratganman. Maqsadim — universitetni a’lo baholarga bitirib, yurtimizga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘lib qaytish. Kelajakda esa yurtimizda jahon texnologiyalar bozorida raqobatlasha oladigan korxonalarga asos solish va raqamli texnologiyalar tatbiq etilishini yanada kuchaytirish niyatidaman. Aniqroq aytganda, sun’iy intellekt texnologiyalarini ko‘plab sohalarda qo‘llab, odamlar hayotini yaxshilovchi yechimlar ustida ishlayman.

    Bu maqsadim yo‘lida ota-onam juda katta ko‘mak bermoqda. Deyarli har kuni internet orqali suhbatlashamiz. Shunga qaramay, uyimizni, mahallamizni va yurtimizni sog‘inyapman. Keyin o‘zimga o‘zim ta’lim olgani kelganim va kelgusida xalqimizga foydasi tegadigan inson bo‘lishimni eslatib, xotirjam tortaman.

    AQSHdagi ta’lim O‘zbekistondagidan ancha farq qiladi. Asosiy tafovut — bu yerda talaba o‘z ustida doimiy ishlashi, faqat darsliklarga qarab qolmay, qo‘shimcha manbalardan ham foydalanishi kerak. Darsdan tashqari tashkiliy ishlarda faol qatnashish, jamiyatga foyda keltiradigan loyihalar ustida ishlash lozim. Har xil tashkilot va korxonalarda tajriba almashish va bilimlarni amaliyotga tatbiq qilish talab etiladi. Umuman olganda, oliygohni a’lo bahoga bitirish uchun darslikka tayanib o‘qishning o‘zi yetmaydi.

    AQSHda olgan bilim va ko‘nikmalarimni tezroq O‘zbekistonga borib tengdoshlarim bilan o‘rtoqlashishga oshiqyapman. Bu yerdagi kursdoshlarimga esa yurtimizdagi islohotlar va yoshlarga qaratilayotgan e’tibor haqida ma’lumot berib, O‘zbekistonning buyuk tarixi va qadimiy shaharlari to‘g‘risida bir necha taqdimotlar o‘tkazdim.

    Matematika va dasturlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol qatnashib, kelajakda amalga oshirishni maqsad qilgan loyihalarim ustida ishlayapman. Vatandosh tengdoshlarimga, uka-singillarimga hech qachon ortga chekinmaslikni, doimo oliy maqsad sari harakat qilishni va davlatimiz yaratib berayotgan sharoitlardan unumli foydalanishni maslahat beraman. Bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansak, O‘zbekistonda katta o‘zgarish yasay oladigan, kelajakda xalqqa nafi tegadigan insonlarga aylana olamiz.

    Muhammadyusuf FAXRIDDINOV,
    Nyu-York universiteti talabasi